Toshkent viloyati: OBODLIK VA TARAQQIYOT LOKATSIYASI
2026-04-01 10:25:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent viloyatiga kelgan kishi Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning asl mazmun-mohiyati va samaralarini to‘la his etishi, shubhasiz.
Toshkent vohasi azaldan Buyuk Ipak yo‘lidagi qadim tamaddunlar chorrahasi bo‘lib kelgani tarixdan yaxshi ma’lum. Yaratganning nazari tushgan bu zaminda sohibqiron bobomiz Amir Temur, ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning qutlug‘ izlari qolgan.
Asrlar osha Shayx Umar Bog‘istoniy, Xoja Ahror Valiy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy kabi aziz avliyo va allomalarga beshik bo‘lgan bu makon. Ayniqsa, ulug‘ alloma Zangiotaning nomi bilan atalgan Oyxo‘ja ibn Toshxo‘jadek muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida mashhur.
Aslida, yaratuvchanlik, bunyodkorlik viloyat ahlining qonida bor, desak yanglishmaymiz. Zotan, davlatimiz rahbarining “Mendan Toshkent viloyatining eng katta boyligi nimada, deb so‘rasangiz, hech ikkilanmay, yuksak madaniyatli, oqu qorani tanigan, omilkor va mehnatkash, ishning ko‘zini biladigan ahil va hamjihat ko‘p millatli xalqi, deb aytgan bo‘lardim”, degan gaplari ham bu fikrni to‘la tasdiqlaydi.
Kechagidek yodimizda — davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasini ilgari surgan ilk davrlardayoq viloyat faollari bilan bamaslahat holda Toshkent viloyatining ma’muriy markazini belgilab, yangi Nurafshon shahriga asos solgan edilar.
Bu tarixiy qadam mahalliy boshqaruvni samarali tashkil etib, hududning mehnatkash va bag‘rikeng aholisi boshini bir maqsad yo‘lida birlashtirganiga bugun barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Qisqa fursatda viloyat markazi zamonaviy binolar, ma’muriy, ijtimoiy inshootlar, uy-joylar va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilishi hisobiga butunlay yangidan chiroy ochdi hamda bu jarayon hanuz davom etmoqda.
Qurilayotgan har bir ob’yektning betakror me’moriy yechimga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilyapti. Bunga misol qilib viloyat teatri, markaziy kutubxona va muhtasham suzish havzasi loyihalarini keltirish mumkin.
Yaqin-yaqingacha viloyatda yagona oliy ta’lim dargohi — Toshkent davlat agrar universiteti mavjud edi. Bugungi kunga kelib, bunday muassasalar soni 15 taga yetdi. Ularda salkam 75 ming talaba tahsil olmoqda.
Bu haqda gap borganda, birgina Nurafshondagi “Cyber” universitetini misol keltirish mumkin. U globallashuv davrining eng muhim sohalari — axborotni himoyalash, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy tizimlarini yaratish, robototexnika hamda boshqa turdosh sohalar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan. Zamonaviy ta’lim kampusi, kiberxavfsizlik laboratoriyalari, yetakchi xorijiy va mahalliy kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatlari talabalarga beqiyos qulayliklar tug‘dirmoqda.
Farovonlikning muhim kafolatlari
Ma’lumki, viloyatimiz yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi aynan Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugun yalpi hududiy mahsulot hajmining 180 trillion 177 milliard so‘mga yetgani viloyat iqtisodiyoti mustahkam poydevorga qurilayotganidan dalolat beradi.
Keyingi yillarda 10 milliard dollardan ortiq hududiy, 8 milliard dollarga teng tarmoq investisiyalari kiritilib, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushirildi. Oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni qariyb ikki karraga ko‘payib, 1,7 mingtadan ortdi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan korxonalarimiz esa 200 taga ko‘paydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuzilgan “Islohotlar shtabi” real natijadorlikni yanada oshirishda yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.
Bugun Toshkent viloyati xorijlik va mahalliy ishbilarmonlar tarafidan biznes uchun eng qulay imkoniyatlar hududi sifatida e’tirof etilmoqda. Xususan, bu yerda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mavjud 2 ming 821 gektar bo‘sh yer maydonlari, 71 ta sanoat zonasi, 50 dan ortiq davlat aktivlari, yetarli mehnat resurslari, shuningdek, qulay yo‘l-transport, logistika, kommunikatsiya infratuzilmalari mavjud.
Qolaversa, zamonaviy, muhtasham aeroportning tamal toshi qo‘yildi. Yaqin kelajakda viloyatning barcha hududlari poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lanadi. Bu jarayonda, o‘z-o‘zidan, ko‘plab olis-yaqin manzillarda yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshishi tabiiy.
Shunga muvofiq, o‘tgan yili qurilish ishlarining umumiy hajmi 10 foizga o‘sib, 33 trillion 987 milliard so‘mga yetdi. Bu vohamiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib borayotganidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan g‘oyaga asosan “Mening birinchi uyim” loyihasi ham aynan viloyatimizdan boshlanib, keng ommalashdi.
Umuman, 2025 yili bu yerda jami 1 million 997 ming kvadrat metrdan ortiq turarjoylar foydalanishga topshirildi. E’tiborlisi, qurilgan uy-joylarning katta qismi — 1 million 498 ming kvadrat metrdan ziyodi qishloq hududlarida barpo etildi.
Xabaringiz bor, yurtimizda kambag‘allikka qarshi kurashishda muammoni yashirish emas, uni ochiq tan olish va manzilli yechim topish yo‘li tanlandi.
Masalan, viloyatimizda 38 mingdan ortiq oila reyestr asosida toifalarga ajratilgan holda qo‘llab-quvvatlanmoqda, 7,5 mingdan ziyod kambag‘al oila bilan esa rahbar xodimlarni biriktirgan holda individual ishlayapmiz. Natijada ushbu xonadonlarga 148 mingdan ortiq xizmat va amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning barqaror daromad manbaiga zamin yaratildi.
Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida o‘tgan bir yilda 982 milliard so‘m kredit resursi yo‘naltirilib, 31,8 ming nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Qishloq joylarda “bir hudud — bir mahsulot” tamoyili tomorqadan samarali foydalanish imkoniyatini oshirmoqda.
Bu ishlar, o‘z o‘zidan, mehnat bozorida ham ijobiy dinamikani namoyon qilmoqda: qisqa davrda 323,1 ming nafar kishining bandligi ta’minlanib, ishsizlik 5,7 foizdan 4,8 foizga tushdi.
Reallik shuni ko‘rsatyaptiki, tayyor yordamdan ko‘ra odamlarni kasbga yo‘naltirish, ish o‘rni va barqaror daromad manbai yaratish orqali farovonlikka olib chiqish — eng to‘g‘ri yo‘l ekan.
Nasibasi butun el
So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi, xalqaro miqyosdagi iqtisodiy tebranishlar qishloq xo‘jaligimizda ham jiddiy sinov va mashaqqatlarni yuzaga keltirmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga berilayotgan imtiyoz va e’tiborlar, ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar, yer bilan “tillashib” kelayotgan zahmatkash dehqonlarimizning azmu shijoati tufayli yurtimiz qishloq xo‘jaligida misli ko‘rilmagan natijalarga erishilyapti.
Viloyatda qadimdan shakllangan bog‘dorchilik va ziroatchilik maktabi bor. Bu haqda gapirganda, shu zamindan yetishib chiqqan xalq seleksionerlari — “Rizamat” turkumidagi uzum navlari muallifi Rizamat Musamuhammedov, limonning o‘ndan ortiq turlarini ilk bor mahalliylashtirgan Zayniddin Faxriddinov, pomidorning “Yusupov” navini yaratgan Karim Yusupov, bog‘dorchilik ilmining akademigi Mahmud Mirzayev nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Quvonarlisi, ilgari agrar sohaning ko‘plab tarmoqlarida namuna bo‘lib kelgan Toshkent maktabi an’analari bugun qayta dovruq taratmoqda. O‘tgan yil erishilgan natijalar shunday deyishga to‘la asos bo‘ladi.
Xususan, el-yurt xirmoniga 206 ming tonna paxta, 828 ming tonna don yetkazib berildi. Tarixda birinchi bor 71 nafar fermer paxta hosildorligini 60 syentnerdan, 130 nafarga yaqin fermer esa, g‘alla hosildorligini 100 syentnerdan oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikki ming tonnadan ziyod “kumush tola” yetishtirilib, 17 million dollarlik qismi eksport qilindi. Sabzavotchilik, bog‘dorchilik va polizchilikda ham barqaror o‘sish kuzatildi. Chorvachilikda 841 ming tonna sut, 260 ming tonna go‘sht, 1,1 milliard dona tuxum tayyorlandi.
Bo‘stonliq, Qibray, Toshkent, Quyi Chirchiq, Parkent, Ohangaron tumanlarida 65 gektar maydonda golubika, 125 gektarda malina, 650 gektar yerda qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ekinlardan daromad gektariga o‘rtacha 30 mingdan 90 ming dollargacha yetdi.
Jumladan, Bo‘stonliq tumanining “Chimyon” mahallasida 3 ming gektar maydonda malina, golubika, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi mevalarni yetishtirish bo‘yicha mega loyiha amalga oshirilmoqda. Uning umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq. Qir-adirlarga Chorvoq dengizidan, 12 kilometr masofadan suv tortilib, mevani qayta ishlash korxonalari hamda katta sig‘imli omborxonalar tashkil etilmoqda.
Birgina 2025 yilning o‘zida 2 ming 150 gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Ohangaronda 150 gektar, Bekobodda 126 gektar, Chinozda 36 gektar “Avatar” navli intensiv uzum plantatsiyalari vujudga keldi.
Dala chetlarida qo‘shimcha 412 milliard so‘mlik 55 ming tonna mahsulot yetishtirildi. Ariq-zovurlarda 148 nafar tadbirkor tomonidan 500 ming bosh o‘rdak boqish yo‘lga qo‘yildi. 210 ming tonna meva-sabzavot xorijga sotildi.
Nafaqat viloyatimiz, balki poytaxtimiz ahlini ham sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash mas’uliyatini bir zum ham unutishga haqimiz yo‘q. Buni chuqur his qilgan holda, 2026 yilda hosil hajmini keskin ko‘paytirish, yangi innovasion loyiha va dasturlarni belgilab oldik.
Nasib etsa, bu yil agrar sohada yalpi mahsulot hajmini 7,2 million tonnaga (yoki 28 trillion so‘mga) yetkazamiz. Pirovardida, har gektarda kamida 6 ming dollardan daromad olish barobarida, tarmoqda 210 mingta doimiy va mavsumiy ish joyi yaratishni maqsad qilganmiz.
Sayyohlar uchun tashrif qog‘ozi
Bu yerda ko‘klamda — bahorning tarovatini, jaziramada — yozning haroratini, xazonrezgida — kuzning malohatiyu qishda — qishning halovatini tuyish mumkin. Shunday manzillarimiz ham borki, ularda bir faslda to‘rt faslning jamoli jilva qiladi. Ayniqsa, Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron, Angrendagi tog‘u adirlar, samoviy suv omborlari, turnako‘z buloqlar, dala va bog‘lar tarovati, qadimiy manzilgohlardagi osori-atiqalar, hududiy brendga aylanib borayotgan taomlar, zamonaviy xizmat va adrenalinli sarguzashtlar hech kimni befarq qoldirmaydi.
Vohamizdagi deyarli barcha turizm manzillarining o‘z ziynati va fazilati, boshqacha aytganda, sayyohlar uchun “tashrif qog‘ozlari” bor. So‘nggi bir yil ichida viloyatga 1 million 532 ming nafar xorijiy va 19 million 350 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti 438 million dollarga yetdi.
Viloyat bo‘yicha 30 dan ziyod turmarshrut ishlab chiqilgan. 20 dan ortiq madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar muntazam tashkil etiladi. “Iloq”, “Uzumchilik va vino”, “So‘qoq taomlari”, “Pahlavon Farhod”, “Impuls”, “Chimyon sadosi” kabi festival va musobaqalarni xorijda ham yaxshi biladilar.
Moskvadan Mayamigacha, Dehlidan Seulgacha o‘tkazilgan taqdimotlar orqali viloyat turizm salohiyati xalqaro sarhadlarga yetib bordi. Xorij matbuoti, blogerlar va yirik turizm kompaniyalari vakillari uchun tashkil etilgan info-turlar natijasida targ‘ibot materiallarimiz 450 millionlik auditoriyani qamrab oldi.
Endilikda poytaxtdan tog‘li hududlarga yetib borish yanada qulaylashdi: “Toshkent–Chinorkent–Toshkent” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi, Chorvoq va boshqa maskanlarga turistik avtobus yo‘nalishlari ochildi. Parkentga poyezd kelyapti.
Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirildi. Fransiyaning “MND” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti barpo etilmoqda. Loyiha uchun 1 ming 278 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, qator mehmonxonalar va dengiz sathidan 3 ming 300 metr balandlikkacha “osma dor yo‘li”ni qamrab olgan. Endilikda qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa, tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq chiqarish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.
Loyiha doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham ochildi. Ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. Bu yerda ish boshlagan 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Hududdagi yana bir yirik loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran ham barpo etildi. Ugam daryosi bo‘yida esa 17 ta ko‘p qavatli uy qad rostladi. Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, o‘ttizdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ish boshladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohilbo‘yi yo‘laklari sayyohlarga beqiyos qulayliklar yaratmoqda.
Umuman, Chorvoq erkin turistik-rekreasion zonasi, “Beldirsoy–Chimyon–Nanay” xalqaro umummavsumiy kurorti tashkil etilishining o‘zi bilan bu yerda turistlar oqimi hamda xizmatlar eksporti 5 barobar oshgani sayyohlik loyihalari naqadar istiqbolli bo‘lganidan dalolatdir.
Bundan tashqari, Parkent tumanida Oltinbel majmuasi, Ohangaron tumanida Ovjazsoy, Ertoshsoy, Jiblonsoy, Ohangaron suv ombori bo‘ylari hamda Angren shahri, Yangiobod, Lashkarak va Dukentsoy hududlarida ham yirik turizm zonalari tashkil etilmoqda.
Darvoqe, daryolar bor joyda chiroq o‘chmaydi. Ugam daryosida yangi barpo etilgan gidroelektr stansiyasi hududdagi Chorbog‘, Humson va Ugam mahallalaridagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi.
Bu borada Chotqol, Ko‘ksuv, Piskom, Ugam daryolari imkoniyatlaridan foydalanish bag‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Hozir viloyatimizda umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi ishlab turibdi. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Umuman, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Bir paytlar “Toshkentning tarig‘ini yegan chumchuq Makkadan qaytib keladi”, degan gap bo‘lardi. Endi bu iborani bemalol shunday tahrirda qayta qo‘llasa bo‘ladi: “Toshkent viloyatiga kelgan xorijlik mehmon faqat sayohat qilmaydi — u bitmas ilhom, tuganmas kuch to‘playdi va yana kelish istagi bilan qaytadi...”.
Iqtisodiy diplomatiyaning yangi modeli
Prezidentimiz raisligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda butunlay yangicha yondashuv belgilab berildi. Shu tariqa hududlar bilan diplomatik vakolatxonalar o‘rtasida yangicha ishlash modeli — “Elchi + hokim” tamoyili shakllandi. Bu tizimda hokim hududning aniq ehtiyojlari, ustuvor loyihalari va maqsadli yo‘nalishlarini belgilab beradi, elchi esa xorijda bozor, sarmoya va ishonchli hamkor topishda ko‘maklashadi.
Yurtimizdagi ochiqlik siyosati va ishonchli hamkorlik muhiti natijasida viloyatimiz dunyoning 106 ta davlati bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Ayni paytda vohada xorijiy investisiyalar ishtirokida 2 ming 402 ta korxona faoliyat yurityapti. Shundan 495 tasi qo‘shma, 1 ming 907 tasi to‘liq xorijiy kapital asosida tashkil etilgan.
Darvoqe, yil boshida Bo‘stonliq tumanida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari ishtirokida maxsus iqtisodiy forum tashkil etdik. Unda asosiy urg‘uni hududlarimizning investisiyaviy jozibadorligini keng targ‘ib etish, elchilar vositachiligida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratdik. Viloyatimizdagi mavjud imkoniyatlar, loyihalar mufassal bayon etilgan maxsus kitob tayyorlagan edik, elchilarimizning har biriga shu kitobdan ulashdik.
Diplomatlar bilan faol muloqotga kirishgan biznes egalari, tuman va shaharlardagi hokimlarimiz eksport, investisiya, moliyaviy dastur va grantlarga taalluqli ko‘plab masalalarga yechim topdi.
Maqsadimiz — jahon investisiya xaritasida Toshkent viloyatining o‘rnini beqiyos darajada kengaytirishdir. Shu maqsadda oxirgi bir yil ichida 10 ga yaqin xorijiy davlatda bo‘lib, tashqi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha muhim amaliy qadamlar tashladik. Ayniqsa, AQSH, Rossiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarga qilgan safarlarimiz samarali kelishuvlarga boy bo‘ldi.
Filadelfiya, Jidda, Varshava shaharlarida ish boshlagan Toshkent viloyati mahsulotlari omborxonalari va taqsimlash-savdo majmualari viloyatimiz eksportchilari uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylandi.
Xalqimizda “Pok niyatlar bilan boshlangan har qanday xayrli ish, albatta, ijobat bo‘ladi”, degan hikmatli gap bor. Har bir sohada davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va azmu shijoati bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar kutilganidan ham a’lo samaralar berayotganining o‘zak ildizi ham shunda. Bu sa’y-harakatlar, eng avvalo, pok niyatga — xalqimizning tinchligi, g‘ururi va qadr-qimmatini yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning erkin va farovon, baxtli-saodatli hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, bunday ulug‘ maqsadlarga o‘z-o‘zidan, quruq va balandparvoz gaplar bilan erishib bo‘lmaydi. Bunday marralar faqat tinimsiz, halol va fidokorona mehnat bilan qo‘lga kiritiladi.
Avliyo bobomiz Xoja Ahror Valiy aytganlaridek: “Shoyadki deyish bilan ish bitmas, g‘ayratu himmat qilmay, orzu bilan hech kim bir yerga yetmas”. Shunday ekan, hozirgi kunda oldimizda turgan o‘ta mas’uliyatli maqsad va vazifalar barchamizni uyg‘otmog‘i, yanada ko‘proq faollik hamda safarbarlikka da’vat etmog‘i lozim.





