Hokimlik soati: “Aholi murojaati har bir rahbarning kun tartibidagi eng ustuvor masala bo‘lishi shart”
2026-03-30 15:15:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi “Hokimlik soati”da bir qator dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda viloyat hokimligi mutasaddi rahbarlari, tashkilot va boshqarmalar mas’ullari, tuman va shahar hokimlari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlar, shuningdek, majlis bayonlarida ko‘zda tutilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan mas’ullar hisobotlari tinglandi.
Amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilinib, ayrim yo‘nalishlarda muddatida bajarilmagan vazifalar tanqidiy muhokama etildi.
Topshiriqlar ijrosiga loqayd yondashgan mutasaddilar keskin ogohlantirilib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Kun tartibiga muvofiq aholi murojaatlari bilan ishlash holati ham batafsil ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, viloyatda ushbu yo‘nalishda qator kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, ayrim mas’ul rahbarlar tomonidan fuqarolarning murojaatlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagani natijasida takroriy murojaatlar soni ortib borayotgani qayd etildi.
Bu esa, o‘z navbatida, respublika darajasida viloyat ko‘rsatkichlarining pasayishiga sabab bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
“Har bitta murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turadi. Bugun dardini aytib kelgan odamning masalasi hal bo‘lmasa, ertaga boshqa joyda aytadi, ijtimoiy tarmoqqa chiqadi, tanqid qiladi. Ichida qolib ketmaydi, baribir aytadi ular. Shuning uchun aholi murojaati har bir rahbarning kun tartibidagi eng ustuvor masala bo‘lishi shart”, — dedi Zoyir Mirzayev.
Yig‘ilish davomida o‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim mas’ullar egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bir qator rahbarlarga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi, yana ayrimlariga esa qat’iy ogohlantirish berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda biriktirilgan yoshlar bilan ishlash samaradorligi, ularning bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish va hal etish borasidagi ishlar ham tanqidiy tahlil qilindi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari, daraxt ekish va parvarishlash holati yuzasidan ham mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida barcha rahbar va mutasaddilarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, aholining ishonchini oqlash hamda hududni yanada rivojlantirish yo‘lida mas’uliyatni oshirish zarurligi alohida uqtirildi.









