Bo‘stonliqda Akbar Jo‘rayev nomidagi zamonaviy sport maktabi ochildi
2026-03-25 16:20:00 / Sport

Toshkent viloyatida sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasi o‘laroq yana bir zamonaviy sport inshooti foydalanishga topshirildi.
Bo‘stonliq tumani "Kichik soy" mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilgan, Olimpiada chempioni, uch karra jahon chempioni va jahon rekordchisi Akbar Jo‘rayev nomi bilan atalgan sport maktabining tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Sport vaziri Adkham Ikramov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, sport sohasi faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur sport majmuasi Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 25 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan ushbu sport maktabi 30 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda yosh sportchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Xususan, sport maktabi hududida qulay yotoqxona va oshxona, mini stadion, sauna, zamonaviy jihozlangan og‘ir atletika zali, o‘quv xonalari, yopiq turdagi basseyn, shuningdek murabbiylar uchun alohida xizmat xonalari mavjud.
Akbar Jo‘rayev nomi bilan atalgan sport maktabining ochilishi ramziy ma’noga ega. Chunki u o‘zining matonati, kuch-g‘ayrati va yuksak natijalari bilan nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sporti tarixida munosib o‘rin egallagan sportchi hisoblanadi. Uning nomi bilan atalgan maskan yoshlar uchun katta motivatsiya maktabi, haqiqiy chempionlar yetishib chiqadigan maskan bo‘lishi shubhasiz.
Mazkur sport maktabi yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni professional darajada tayyorlash hamda yurtimiz sporti sha’nini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan yangi chempionlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Eng muhimi, bunday zamonaviy sport inshootlari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu bois, ushbu sport maktabining ish boshlashi nafaqat Bo‘stonliq tumani, balki butun Toshkent viloyati sport hayotidagi muhim voqea bo‘ldi.









