Yuksak mukofotlar o‘z egalariga tantanali topshirildi
2026-03-24 18:25:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq viloyatimizning bir guruh mahalla faollari davlatimiz tomonidan yuksak e’tirof etilib, orden va medallar, shuningdek, O‘zbekiston mahallalar uyushmasining “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi.
Bugun viloyat hokimligida ana shu yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, hokimlik mutasaddilari, nuroniylar, mahalla yettiligi, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali marosim davomida so‘zga chiqqan viloyat hokimi mahalla tizimi xodimlarini samimiy tabriklab, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, aholi muammolarini hal etish, oilalar tinchligi va farovonligini ta’minlash, yoshlar tarbiyasi, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, hududlarda obodonchilik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida olib borayotgan fidokorona mehnatini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, mahalla azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni asrab-avaylashda, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Bugungi kunda mahalla tizimi tom ma’noda xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylangani alohida e’tirof etildi.
Marosim so‘ngida 3 nafar fidoiy insonlarga davlat mukofotlari va 14 nafar mahalla jonkuyarlariga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Taqdirlanganlar bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etib, bu e’tirof ularni yanada katta mas’uliyat bilan ishlashga, yurt ravnaqi, mahalla obodligi va xalq farovonligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga undashini ta’kidladilar.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar esdalik uchun fotosuratlarga tushishdi.









