Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Nurafshon shahrida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimdagi TABRIK SO‘ZI
2026-03-21 21:40:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli mehmonlar, bayram ishtirokchilari!
Bir nyecha ming yillik tarixga ega, ildizlari qadimiy bo‘lgan Navro‘zi olam ajdodlarimizning buyuk zakovati va teran tafakkurini yorqin ifoda etadi.
Negaki, dillarga umid va ezgulik, mehru saxovat, yangilanish va yasharish, obodlik va bunyodkorlik soladigan bu fusunkor kunda kecha va kunduz teng kelib, Inson va Tabiat uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Muhtaram Prezidentimiz qarorlariga muvofiq, bu yilgi tantanalar yurtimizda “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” degan da’vatkor shior ostida xalq sayillari tarzida keng nishonlanmoqda.
Xalqimizni birdamlikka, mehru oqibatga chorlovchi bu hayotbaxsh g‘oya Inson qadri yuksak qadr topayotgan, xalqimizning azaliy orzu-umidlari birin-ketin ro‘yobga chiqayotgan, Yangi O‘zbekiston Navro‘zi yutuq va g‘alabalarga, muvaffaqiyatu yangilanishlarga boyligi bilan ilgarigilaridan farq qiladi.
Muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari, qolaversa, Navro‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib, millati, tili, dinidan qat’iy nazar, har bir yurtdoshimizni, butun el-yurtimizni rozi qilish yo‘lidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarmoqdamiz. Bu yilgi bayramga “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” - degan da’vatkor g‘oya asos bo‘lgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Bayram arafasida, Toshkent shahrida “O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazi”, Samarqandda buyuk muhaddis Imom Al-Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilishi nafaqat O‘zbekistonliklarga, balki butun musulmon ummatiga bebaho sovg‘a va umrboqiy meros bo‘ldi.
Diyorimizda, Islomgacha bo‘lgan davr, birinchi va ikkinchi Renessans davri, o‘zbek davlatchiligi tarixi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Termiziy, Beruniy kabi buyuk allomalarimizni yanada yaqinroq tanish imkoni yaratilgan.
Jadid bobolarimizning mustaqil Vatan, ma’rifatli jamiyat bunyod etish orzusi chuqur o‘rganilib, uchinchi Renessans poydevori barpo qilinib, har bir yo‘nalishda ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at va sportda yangi qaxramonlar paydo bo‘lmoqda.
Aziz yoshlar! Bugun sizga murojaat qilamiz. Yoshlarga murojaatimiz, bugungi tinch va osoyishta hayot, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansangiz, hurmatli Prezidentimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz – kelajak albatta sizniki bo‘ladi.
Qadrli mehmonlar!
Xabaringiz bor, o‘tgan qisqa fursatda Muhtaram Prezidentimizning viloyatimizga qilgan bir necha tashriflari sharofati bilan ulkan marralar sari tarixiy qadamlar tashlandi.
Bugun yalpi hududiy mahsulot hajmining 180 trln. so‘mdan oshgani, 10 mlrd. dollardan ortiq hududiy, 8 mlrd. dollar tarmoq investisiyalari kiritilib, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgani buning yaqqol misolidir.
Olmaliq shahrida 3 - mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi orqali, mamlakatimizda yuqori texnologiyalarga asoslangan, dunyoda uchtadan bittasi bo‘lgan ulkan inshoot kashf etildi.
Viloyatimizda muhtasham aeroportning tamal toshi qo‘yildi. Yaqin kelajakda hududlarimizni poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash choralari ko‘rilmoqda.
O‘tgan yili bunyodkorlik ishlarimizning umumiy hajmi 10 foizga o‘sib, 34 trln. so‘mga yetdi. Joylarda 2 mln. kvadrat metrga yaqin turar joylar foydalanishga topshirildi.
Viloyatimizda 38 mingdan ortiq oila yangi tizim asosida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesga yo‘naltirilgan 1 trln. so‘mdan ortiq kredit resurlari 32 ming nafar aholining bandligini ta’minladi.
Natijada, qisqa davrda qariyb 330 ming nafar kishining bandligi ta’minlanib, ishsizlik 5,7 foizdan 4,5 foizga tushdi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mahalla deganda, ko‘z oldimizda avvalo ona yurtimizning go‘zal timsoli namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizda mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida yaxshi niyat bilan katta dastur va rejalar belgilab olingan.
Tadbirkor va ishbilarmonlarimizning mashaqqatli mehnatlari bilan Jahon investisiya haritasida Toshkent viloyatining o‘rni eniga ham, bo‘yiga ham kengaymoqda.
Qadrli do‘stlar!
Bahor — rizq-nasiba yo‘llarini ochib beruvchi juda g‘animat fasldir. Nihol ekish, urug‘ qadash uzog‘i bilan o‘ttiz kundan oshmaydi.
Erta ekkanimiz — ulgurganimiz. Aksi bo‘lsa, oltinga teng imkonyatlarni boy beramiz. Eng yomoni, barchamizni boqayotgan, to‘ydirayotgan yerning umri zoye ketadi. Uvolning esa — javobi bor.
Shu kunlarda viloyatimizdagi 400 mingdan ziyod xonadonga tegishli tomorqa maydonlarida bahorgi ekin ekish tadbirlariga ommaviy kirishildi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan “Yashil makon” umumxalq xarakati viloyatimizda ham tobora keng quloch yoymoqda. Biz bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz shart.
Barchamiz yeng shimarib, ko‘klamning g‘animat kunlaridan foydalanib, rizqu nasibaga zamin yarataylik, viloyatimizning har go‘shasini yashil makonga, obod maskanlarga aylantiraylik!
Fursatdan foydalanib, yaxshi niyat bilan yerga baraka urug‘larini qadashga kirishayotgan, mo‘l hosil olishga bel bog‘lagan mirishkor dehqonlarimizga, fermer va sohibkorlarimizga barakali xirmon, zalvorli daromad va o‘zlariga kuch-g‘ayrat tilaymiz!
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Hurmatli Prezidentimizning siyosiy irodasi va azmu shijoati bilan hayotga tadbiq etilayotgan islohotlar bitta maqsadga — u ham bo‘lsa, xalqimizning g‘ururi va qadr-qimmatini yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, baxtli va saodatli hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan.
Shu zaminning farzandi bo‘lgan avliyo bobomiz Xoja Ahror Valiy aytganlaridek: “Shoyadki deyish bilan ish bitmas, orzuning o‘zi bilan hech kim murodga yetmas”.
Shunday ekan, bugungi Hayit va Navro‘z birga nishonlanayotgan shukuhli damlarda niyat qilaylik — barcha ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, nuroniy otaxonu onaxonlarimizning duolari ijobat bo‘lib, bugungi tinch va farovon kunlarimizga ko‘z tegmasin!
Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin, xonadonlarimiz fayzli, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin!
Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni, Siz orqali butun viloyatimiz xalqi va jamoatchiligini “Navro‘zi olam” bilan tabriklaymiz.
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
