Bir tadbirkor 12 ta uy qurib berib, ehtiyojmand oilalarga bir umrlik quvonch hadya qildi
2026-03-19 18:40:00 / Ijtimoiy himoya

Navro‘z bayrami yaqinlashayotgan ayni kunlarda, Ramazon oyining muborak lahzalarida Toshkent viloyatida saxovat va ezgulik namunalari yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Toshkent viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi hamda homiylar hamkorligida keng ko‘lamli xayrli tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Mazkur ezgu ishlar doirasida viloyat bo‘ylab yuzdan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uy-joylari qurib berilmoqda hamda zamonaviy talablarga mos ravishda ta’mirlanmoqda.
Bu ishlar ehtiyojmand oilalarning turmush sharoitini yaxshilash, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonch va umidlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, saxovatpesha tadbirkorlardan biri tomonidan 12 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning xonadoni to‘liq qurib berildi.
Har bir xonadonda zarur qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirilib, oilalar uchun qulay va munosib yashash sharoiti yaratildi.
Endilikda bu oilalar yangi uylarda, farovon va qulay sharoitlarda yashash imkoniga ega bo‘ldi.
Bunday savobli ishlar jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlab, ehtiyojmand insonlarga amaliy yordam ko‘rsatishning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ramazon oyida amalga oshirilgan bu ezgu ishlar, Navro‘z oldidan oilalarga chinakam quvonch va umid hadya qildi.
Jamiyatimizda bunday saxovatli va xayrli tashabbuslar nafaqat oilalarga yordam, balki mehr-oqibat, birdamlik va insoniylik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.






