Jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
2026-03-18 13:45:00 / Sport

Yangiyo‘l shahar hokimligida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, Sport vaziri Adkham Ikramov, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi oliy oʻquv yurtlari rektorlari, sport maktablari direktorlari, sport federatsiya va assotsiatsiyalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Shuningdek, hududiy studiyalardan tuman hokimlari, yoshlar ishlari, mahallalar uyushmasi , maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari, tuman tibbiyot birlashmalari, “Inson” markazlari mutasaddilari hamda mahalla yoshlari yetakchilari qatnashdi.
Yigʻilishda Sport vaziri tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish yonalishida amalga oshirilayotgan ishlar viloyatdagi har bir tuman kesimida taqdimot ko‘rinishida tushuntirildi.
Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” va "Prezident Olimpiadasi"ning o‘tgan yilgi mavsumida Toshkent viloyati faol qatnashgani, bunda nafaqat sport maktablari, balki mahalladagi yoshlar yetakchilarining ham fidoyi xizmati borligi taʼkidlandi.
Xususan, "Besh tashabbus olimpiadasi" sport musobaqalarida mahalla yoshlarining faol ishtirokini ta'minlab, ularning yuqori natajalarga erishishiga hissa qo'shayotgan Bekobod tumani yoshlar yetakchisi, trener-seleksioner va mahalla faollari, ijtimoiy xodimlari faoliyati e'tirof etildi.
Shuningdek, 2025-yilda o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida Toshkent viloyati sportchilarining erishgan natijalari ham tahlil qilindi.
MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov tomonidan joriy yilda 21 ta sport turi boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalar haqida taqdimot oʻtkazildi.
Yigʻilishda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston talabalari olimpiadasi”ni oʻtkazish yuzasidan ham taqdimot oʻtkazilib, ushbu musobaqalarda Toshkent viloyatidagi oliy oʻquv yurtlari talabalari ham faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.
Mas’ullarga ommaviy sport qamrovini kengaytirish, yoshlarni musobaqalarga keng jalb etish, elektron ro‘yxatga olish tizimida shaffoflikni ta’minlash, berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yaqinda Pokiston davlatiga amalga oshirilgan xizmat safari davomida xorijliklar tomonidan Osiyo qit'asining faxri sifatida O‘zbekistonning sport sohasida erishayotgan ulkan yutuqlari munosib e'tirof etilayotganligini alohida ta'kidladi.
Tadbir yakunida sport jihozlarini mahalliylashtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘rgazma ham tashkil etildi.







