Pokistonning guruch bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-03-13 17:45:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Pokiston Islom Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.
Lahor shahridan Gujranvalaga yo‘l olgan delegatsiyaning bugungi kun tartibi ham qator samarali va mazmunli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Viloyat hokimi amaliy tashrif doirasida guruchni qayta ishlash va eksport qilish sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar — Waqar Rice Mills hamda Rice World rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va ishchan ruhda o‘tgan muloqotda tomonlar guruch yetishtirish, uni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.
Bu ikki kompaniya Pokistonda guruchni qayta ishlash va eksport qilish sohasida katta tajribaga ega bo‘lib, 60 dan ortiq mamlakatlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilib keladi.
Muloqot davomida Toshkent viloyatida guruchni zamonaviy usullarda yetishtirish, qayta ishlash va qadoqlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, viloyatda 10 ming gektardan ortiq sholi maydonlari mavjud bo‘lib, bu yerlarda yillik 35–45 ming tonna sholi yetishtiriladi.
Tomonlar zamonaviy qayta ishlash va qadoqlash liniyalarini joriy etish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda eksport geografiyasini kengaytirish borasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Xususan, Yevropa Ittifoqi standartlariga mos zamonaviy qadoqlash texnologiyalarini joriy etish mahsulot sifatini yanada oshirish va uning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda, shuningdek, Markaziy Osiyo bozori imkoniyatlari ham alohida qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda guruch iste’moli yillik 350–500 ming tonnani tashkil etadi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda esa 100 million nafardan ortiq aholini qamrab olgan yirik iste’mol bozori mavjud.
Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalangan holda Toshkent viloyatida guruchni qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy korxona tashkil etish, mahsulotni nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlar va xalqaro bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Toshkent viloyati tomonidan investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilma bilan ta’minlash, yer ajratish hamda zarur institutsional qo‘llab-quvvatlash masalalarida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligi bildirildi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta’kidlab, kelgusida aniq loyihalar ustida ishlashga kelishib oldilar.
Samarali kechgan muloqotdan so‘ng, viloyatimiz delegatsiyasiga kompaniyalarning guruch ishlab chiqarish korxonasi faoliyatlari bilan batafsil tanishtirildi.






