Delegatsiyamiz biznes anjumanda ishtirok etdi va qator ishbilarmon doiralar bilan faol muzokaralar olib bordi
2026-03-12 10:45:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati delegatsiyasining Pokiston Islom Respublikasiga safari davom etmoqda.
Lahor shahri Savdo-sanoat palatasida Pokiston-O‘zbekiston biznes forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi.
Forumda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev nutq so‘zlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Forum doirasida Toshkent viloyatining investision salohiyati, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va qayta ishlash tarmoqlaridagi imkoniyatlari taqdim etildi.
Pokistonlik tadbirkorlar viloyatda yaratilgan qulay investisiya muhiti, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatida pokistonlik investorlar ishtirokida 22 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotir. Ushbu korxonalar tomonidan viloyat iqtisodiyotiga 200 million dollardan ortiq xorijiy investisiyalar kiritilgan bo‘lib, ularda yiliga qariyb 300 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda va 1500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Shuningdek, 2025 yilda Toshkent viloyatining 9 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan Pokistonga 3,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lib, ular orasida ip-kalava, dukkakli va moyli ekinlar hamda sanoat mahsulotlari mavjud.
Toshkent viloyatida Pokiston investisiyasi ishtirokida umumiy qiymati 38 million dollar bo‘lgan farmasevtika, ipakchilik va gugurt ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana uchta loyiha joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, biznes-forum ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi investisiya loyihalarini shakllantirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya a’zolari qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Jumladan, “Zarea” kompaniyasi rahbari Ali Alam Qamar, "Royal Leather Industries” kompaniyasi rahbari Malik Muhammad Azam, “Hawk Fire Industries” kompaniyasi rahbari Kashif Raza bilan uchrashuvlarda manfaatli tashabbuslar o‘rtaga tashlanib, amaliy hamkorlik yuzasidan dastlabki muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, elektron savdo platformalaridan foydalangan holda eksport-import aloqalarini kengaytirish, shuningdek logistika va agrobiznes sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, charmni qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorlarga eksport qilish borasida hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent viloyatida charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishga qaratilgan investisiya loyihalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Delegatsiyamiz Lahor shahrida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston savdo uyi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur savdo maydoni orqali O‘zbekiston mahsulotlarini Pokiston bozorida keng targ‘ib qilish, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.





