Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi TABRIK SO‘ZI
2026-03-08 09:10:00 / Yangiliklar

Aziz va muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Ayol — hayotimiz fayzi, oilaning mustahkam tayanchi, jamiyatimizning ma’naviy ustunidir, ayol borki, jamiyatda mehru muhabbat, xonadonlarda fayzu tarovat va saranjomlik hukmron.
Shu o‘rinda Alisher Navoiy bobomizning “Ayollar – farishtalarning opa-singillaridir” degan hikmatli so‘zlarini yod olish joizdir.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqchil siyosati zamirida ham, eng avvalo, ayollarni ulug‘lash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib sharoit yaratishdek ezgu va xayrli maqsadlar mujassamligini barchamiz chuqur anglaymiz.
Hozirgi kunda viloyatimiz aholisining 1 million 584 mingdan ortig‘ini, ya’ni yarmidan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil etadi.
Toshkent viloyati xotin-qizlari azal-azaldan mehnatsevar, yaratuvchan bo‘lishlari bilan birga, ilm, adabiyot, san’at, qo‘yingki, barcha jabhalarda peshqadam bo‘lib kelganlar.
Yaqin o‘tmishda yashab, o‘z hayoti va faoliyati bilan katta ibrat namunalarini qoldirgan Saodat Gulahmedova, Anastasiya Chudnaya, Lyubov Li, Zulfiya Zokirova, Munavvar Isoqova, Tursunoy Oxunova kabi mehnat va matonat timsollari bo‘lgan onaxonlarimiz nomini butun xalqimiz hurmat bilan xotirlaydi.
Benazir olima Muzayyana Alaviya, yozuvchi Farida Usmonova, xalq o‘qituvchilari Zahro Ahmedova, Ra’no Fozilova, Huri Soliyeva, Maxburat Turdiyeva kabi yosh avlod kamoloti yo‘lida beqiyos xizmat qilgan ustozlar nomlarini hamisha minnatdorlik bilan tilga olamiz.
Nomlari tilga olingan yurtdoshlariga munosib voris bo‘lish yo‘lida zahmat chekib mehnat qilayotgan opa-singillarimiz soni ko‘payib borayotgani ayni bor haqiqatdir.
Bugun viloyatimizda 10 ming nafar ayollar rahbarlik lavozimlarida, 7,5 mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlik sohasida, 38 mingdan ortiqrog‘i ta’lim tizimida, 48 ming nafarga yaqini tibbiyotda, 22 mingdan ziyod ayollar qishloq xo‘jaligida, 29 mingdan ortiq xotin-qizlar esa davlat boshqaruvi hamda huquqni muhofaza qilish va sud idoralarida erkaklar bilan teppa-teng mehnat qilishmoqda.
Biz haqli ravishda faxrlanadigan 872 nafar professor-o‘qituvchilar, ya’ni 44 nafar fan doktori, 58 nafar falsafa doktori, 35 nafar professor va 234 nafar dotsentlar aynan xotin-qizlar vakillaridir.
Shuningdek, 6 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafar senator, 160 nafar mahalliy Kengash deputatlari ham xotin-qizlardir.
Albatta, Yangi O‘zbekistonda qilingan mashaqqatli mehnat va erishilgan natija o‘z rag‘batini topadi. Bugun viloyatimizning 468 nafar ayollari turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangani buning tasdig‘idir.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan 4 nafar opa-singillarimiz davlat mukofotlariga, 2 nafar qizlarimiz esa Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar.
Fursatdan foydalanib, ularni bunday yuksak e’tirof bilan birgalikda tabriklasak.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugun xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
O‘tgan 2025 yilda respublikamizda bo‘lgani kabi, viloyatimizda ham 248 mingdan ortiq ishsiz ayollarning bandligi ta’minlandi, 31 mingdan ziyod ayollarga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 908 milliard mablag‘ ajratildi. 13 mingdan ortiq opa-singillarimiz o‘qitildi.
“Ayollar daftari” orqali 89 mingdan ortiq xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi, 5 nafar ehtiyojmand xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi, 479 nafarining uy-joyi ta’mirlandi.
Qadrli opa-singillar!
Jamiyatdagi barqarorlik va osoyishtalikning negizi oiladagi totuvlikdir. Shu o‘rinda xalqimiz uchun muqaddas bo‘lgan “oilada farzand tarbiyasi” bugun yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun butun dunyoda yoshlar ongini egallash, dunyoqarashi tor va tarbiyasida nuqsoni bor farzandlarimiz miyasiga ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga zid g‘oyalarni singdirishga bo‘lgan harakatlar kun sayin ko‘paymoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bolalarni bugun o‘zimizniki qilib olmasak, boshqalarning ularga ega chiqish xavfi kuchaymoqda..
Qaysi oilada ayol xushyor bo‘lsa, butun oilani boriga qanoat qilib yashashga o‘rgatsa, xonadonlarimiz farishtalari bo‘lmish keksa onaxonlarimiz ularni ilm olishga va hunar egallashga undasalar bugun biz ko‘p takrorlaydigan “tarbiyasi og‘ir”, “nazoratga olingan”, “ishsiz” yoki “giyohvand” degan xunuk atamalar salmog‘i albatta kamayadi.
Endi hayotga qadam qo‘ygan kelin-kuyovlarga yaxshi so‘z bilan berilgan yo‘l-yo‘riqlar va onalik nasihatlari kelgusida “otasiz o‘sgan bolalar”, “aliment to‘lovchi erkaklar”, “boquvchisiz qolgan ayollar” sonini umuman yo‘q qilishga olib keladi.
Azaldan xalqimizda bir dono naql bor. “Uydagi gap ko‘chaga chiqsa — xonadonning purdi ketadi”, “Janjalli oilada o‘sgan bola — mehrdan o‘ksik”.
Xullas, aziz onaxonlar, opa-singillar, biz aytgan mehrni Sizdan boshqa kim bera oladi, chaqaloq ongiga alla orqali qadriyatlarimizni kim singdiradi oladi? Bir duo bilan har qanday yomonni kim yaxshi qila oladi? Siz va faqat Siz!
Hurmatli onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Shu fayzli va qutlug‘ ayyomda barchangizni chin dildan tabriklaymiz, mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilaymiz.
Nur yuzli onalarimizning bugun ulug‘ Ramazon oylaridagi ibodatlarda qilayotgan duolari ijobat bo‘lsin.
Jonajon O‘zbekistonimizdagi tinchlikka ko‘z tegmasin, barchangizga farzandlar, nabirayu evaralar baxtu saodatini, iqbolini ko‘rish nasib qilsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
