Ayol – jamiyatning ustuni, oilaning mustahkam tayanchi
2026-03-07 14:55:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev aziz onaxonlar va qadrli opa-singillarimizni bayram bilan samimiy tabriklab, ayollar jamiyatning ma’naviy ustuni, oilaning mustahkam tayanchi ekanini alohida ta’kidladi.
Hokim o‘z so‘zida viloyatimizning fidoyi va jonkuyar ayollariga murojaat qilib, jumladan shunday dedi:
Bugun butun dunyoda yoshlar ongini egallash, dunyoqarashi tor va tarbiyasida nuqsoni bor farzandlarimiz miyasiga ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga zid g‘oyalarni singdirishga bo‘lgan harakatlar kun sayin ko‘paymoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bolalarni bugun o‘zimizniki qilib olmasak, boshqalarning ularga ega chiqish xavfi kuchaymoqda.
Qaysi oilada ayol xushyor bo‘lsa, butun oilani boriga qanoat qilib yashashga o‘rgatsa, xonadonlarimiz farishtalari bo‘lmish keksa onaxonlarimiz ularni ilm olishga va hunar egallashga undasalar bugun biz ko‘p takrorlaydigan “tarbiyasi og‘ir”, “nazoratga olingan”, “ishsiz” yoki “giyohvand” degan xunuk atamalar salmog‘i albatta kamayadi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyati aholisining 1 million 584 mingdan ortig‘ini, ya’ni yarmidan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil etadi.
Ular ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kabi barcha sohalarda faol mehnat qilib, viloyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 10 ming nafar ayollar rahbarlik lavozimlarida, 7,5 mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlik sohasida, 38 mingdan ortiq ayollar ta’lim tizimida, 48 ming nafarga yaqin xotin-qizlar tibbiyot sohasida, 22 mingdan ziyod ayollar qishloq xo‘jaligida, 29 mingdan ortiq xotin-qizlar esa davlat idoralarida samarali faoliyat yuritmoqda.
Quvonarlisi, ilm-fan sohasida ham xotin-qizlarning ishtiroki tobora ortib boryapti. Hozirgi kunda viloyatda 872 nafar professor-o‘qituvchi ayol faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ular orasida 44 nafar fan doktori, 58 nafar falsafa doktori, 35 nafar professor va 234 nafar dotsent borligi ta’lim va ilm-fan taraqqiyotida xotin-qizlar o‘rni muhim ekanini ko‘rsatadi.
Siyosiy hayotda ham munisalarimizning faolligi ortib boryapti. Ayni paytda viloyat xotin-qizlaridan 6 nafar deputat, 1 nafar senator hamda 160 nafar mahalliy Kengash deputatlari mavjud bo‘lib, ular xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilishmoqda.
Bugun xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
O‘tgan 2025 yilda viloyatimizda ham 248 mingdan ortiq ishsiz ayollarning bandligi ta’minlandi, 31 mingdan ziyod ayollarga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 908 milliard mablag‘ ajratildi. 13 mingdan ortiq opa-singillarimiz o‘qitildi. “Ayollar daftari” orqali 89 mingdan ortiq xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi, 5 nafar ehtiyojmand xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi, 479 nafarining uy-joyi ta’mirlandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar viloyatdan 468 nafar ayollar turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan yana 4 nafar opa-singillarimiz yuksak orden va medallariga, 2 nafar iqtidorli qizimiz esa, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Marosim davomida taqdirlanganlarning bir guruhiga ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan viloyatda istiqomat qilayotgan 38 nafar 100 yoshdan oshgan onaxonlarga viloyat hokimining maxsus tabriknomasi va sovg‘alari yetkazilmoqda.
Tantanali kecha taniqli san’at ustalari, qiziqchi va xonandalar, yosh ijrochilar ishtirokidagi bayramona konsert dasturi bilan yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga bayram sovg‘alari tortiq etildi.









