"Har kim xato qilishi mumkin, hamma gap xatolardan qanday xulosa chiqarishda" — Zoyir Mirzayev ozodlikdan mahrum etilgan yoshlar bilan uchrashdi
2026-02-26 16:55:00 / Yangiliklar

Inson bolasi goh bilib, goh bilmay adashadi. Ba’zida nafsga, ba’zan shayton vasvasasiga ergashib, bir lahzalik noto‘g‘ri qaror tufayli umr yo‘lida og‘ir burilishlarga duch keladi...
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘stonliq tumanidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida ana shunday xatoga yo‘l qo‘yib, jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh yosh mahkumlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Bu uchrashuv davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” etib belgilangani munosabati bilan tashkil etildi.
Muloqot ruhi rasmiy yig‘indan ko‘ra, ochiq va samimiy suhbat tarzida o‘tdi. Viloyat hokimi yoshlar bilan yuzma-yuz gaplashib, ularning dardini tingladi, hayotiy rejalari, orzu-niyatlari bilan qiziqdi.
“Har bir inson xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Muhimi — shu xatoni takrorlamaslik, o‘ziga xulosa chiqarib, jamiyatga foydali inson bo‘lib qaytishi kerak”,
deya ta’kidladi hokim.
Yosh mahkumlar ham o‘z navbatida pushaymonliklari, kelgusida halol mehnat qilib, ota-onasi ishonchini oqlash, jamiyatda munosib o‘rin egallash niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Ular uchun bunday e’tibor va samimiy muloqot katta ma’naviy tayanch bo‘ldi.
Hozirda koloniyada jazoni o‘tayotgan yoshlar mebelsozlik va turli ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda.
Ular yog‘ochga ishlov berish, tayyor mahsulot yasash, maishiy buyumlar ishlab chiqarish kabi amaliy ko‘nikmalarni egallab, kelgusida halol mehnat orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi shu jarayonlar bilan tanishib, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, ozodlikka chiqqanidan so‘ng ish bilan ta’minlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muloqot so‘nggida mahkumlar ham faollik ko‘rsatib, o‘zlarining taklif va tashabbuslarini ilgari surishdi. Mazkur takliflar yuzasidan viloyat hokimi tegishli rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.
Har bir yosh mahkumning taqdiriga alohida yondashish, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va jamiyatga foydali inson sifatida shakllantirish ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.








