Zoyir Mirzayev viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashdi
2026-02-25 18:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda hududda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, kadrlar tayyorlashda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, kecha davlatimiz rahbari yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nafaqat talabani oliy ma’lumotli qilish, balki uni bandligini ta’minlash mas’uliyatini ham bevosita oliy ta’lim muassasalari rektorlari zimmasiga yuklagan edi. Shu bois, mazkur uchrashuvda aynan bitiruvchi talabalarning ish bilan ta’minlanishi masalasi asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Muloqot davomida barcha rektorlarning fikr va takliflari batafsil tinglanib, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Xususan, bitiruvchilarni ishga joylashtirish jarayonini tizimli tashkil etish, ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar tayyorlashni mehnat bozori talablariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi tomonidan viloyatdagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlariga ertadan boshlab oliy ta’lim muassasalariga borib, mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha ma’lumot berish, bitiruvchi yoshlar orasidan o‘z ehtiyojlariga mos kadrlarni tanlab olish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Uchrashuvda muhokama qilingan ikkinchi muhim masala — dual ta’lim tizimini yanada kengaytirish bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda talabalarning o‘qish jarayonidayoq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, ularning nazariy bilimlarini real mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bu tizim bitiruvchilarning kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi hamda ish beruvchilar uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Ushbu jarayonga ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarini keng jalb etish zarurligi belgilab olindi.
Yana bir muhim tashabbus sifatida barcha oliy ta’lim muassasalarida banklar ishtirokida “Loyiha ofisi”ni tashkil etish belgilandi. Ushbu tuzilma talabalarning startap va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish hamda yoshlarning tadbirkorlik faolligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportni ommalashtirish maqsadida barcha sport yo‘nalishlari bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqalarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.





