Boshqirdistonga safar – aniq loyihalar va istiqbolli kelishuvlarga boy o‘tmoqda
2026-02-16 14:10:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Boshqirdiston Respublikasining «Potok-Trubnaya kompaniya» MCHJ korxonasiga ham borib, u yerdagi zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari va korxonaning eksportbop hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif chog‘ida korxona rahbariyati tomonidan 2012-yildan buyon faoliyat yuritayotgan zavodning ishlab chiqarish quvvatlari, innovasion texnologiyalari hamda yong‘inga chidamli quvurlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or tajribasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hozirgi kunda korxonada diametri 32–355 mm bo‘lgan quvurlar, 6 ta termoplastavtomatda fitinglar, 2 ta granulyasiya liniyasida modifikatsiya qilingan polipropilen xomashyosi ishlab chiqarilmoqda.
Muloqot davomida o‘zaro tajriba almashish, yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish, mahsulotlar eksport geografiyasini kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tashrif doirasida viloyat hokimi Ufa shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mehmonxona majmuasi qurilishi loyihasi bilan ham tanishdi.
Loyiha uchun Ufa daryosi bo‘yidan 5,18 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, uning 1,5 gektarida zamonaviy mehmonxona barpo etiladi. Qolgan hudud obodonlashtirish va kichik kemalar uchun prichal qurishga mo‘ljallangan.
Uchrashuvda mazkur istiqbolli loyihani amalga oshirish muddatlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish hamda mehmonxona majmuasini tezroq ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat delegatsiyasining Boshqirdiston Respublikasiga safari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan samarali va mazmunli muloqotlar ruhida o‘tmoqda.






