Zoyir Mirzayev rahbarligidagi delegatsiya jadal sanoatlashgan Sterlitamak shahriga tashrif buyurdi
2026-02-15 23:05:00 / Yangiliklar

Sterlitamak — Boshqirdistonning muhim iqtisodiy va sanoat markazlaridan biri hisoblanadi.
Delegatsiya shahardagi «Tolpar» texnoparkida bo‘lib, yirik sanoat platformasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Viloyatimiz vakillariga shahar ma’muriyati rahbari (shahar hokimi) Emil Shaymardanov hamrohlik qildi.
Mazkur texnopark Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy industrial maydon hisoblanadi. Unda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda rezidentlarga “yagona oyna” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Delegatsiya a’zolari texnopark hududida faoliyat yuritayotgan korxonalar, jumladan, metall konstruksiyalar va qurilish ashyolari, to‘r va panjaralar tayyorlash, gofrokarton va qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalar bilan tanishtirildi.
Amaldagi ishlab chiqarish jarayonlari, kooperatsiya zanjirlari va mahsulot turlarini kengaytirish rejalari muhokama qilindi.
Mutasaddilar bilan bo‘lgan muloqot davomida sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, Toshkent viloyati tadbirkorlarini texnopark imkoniyatlaridan foydalangan holda qo‘shma loyihalarga jalb etish, shuningdek, yangi investisiyaviy tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot yakunlariga ko‘ra, ikki hudud o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, sanoat ishlab chiqarish sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.






