Viloyat hokimi Boshqirdistonning yirik agroxolding kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi
2026-02-15 22:45:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligidagi viloyat delegatsiyasi Boshqirdiston Respublikasiga xizmat safari doirasida mamlakatdagi yirik agrosanoat korxonalaridan biri — "Urojay" kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Mazkur kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi ziroatchilik va chorvachilik hisoblanib, qishloq xo‘jaligida katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.
Birgina misol, kompaniya tasarrufida 184 ming gektar ekin maydoni mavjud bo‘lib, yillik yalpi don hosili 385 ming tonnani tashkil etadi. Shuningdek, korxonaning chorvachilik yo‘nalishida 8 500 bosh sog‘in sigir va 12 700 bosh yosh qoramol parvarishlanmoqda. Yillik yalpi sut ishlab chiqarish hajmi esa, 81 ming tonnadan ziyod.
Delegatsiya a’zolariga korxona faoliyati, kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari taqdim etildi.
Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqot mobaynida viloyat hokimi Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyati, ayniqsa chorvachilik sohasidagi investisiyaviy muhiti, mavjud imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda zamonaviy chorvachilik majmualarini tashkil etish, naslchilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, yer ajratish, infratuzilmani tayyor holda taqdim etish va soliq imtiyozlari berish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, chorvachilik va urug‘chilik sohalarida tajriba almashish, investisiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Viloyat rahbari Zoyir Mirzayev yirik agroxolding faoliyatida innovasion yondashuv va ishlab chiqarish samaradorligiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, ikki hudud o‘rtasida agrosanoat sohasida hamkorlikni yo‘lga muhimligini alohida qayd etdi.
Muloqotdan so‘ng viloyat delegatsiyasi azolari "Urojay" kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.




