Fan va amaliyot uyg‘unligi: Boshqirdistonda xalq tabobati va asalarichilik bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishildi
2026-02-15 18:25:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Safar doirasida viloyat delegatsiyasi Boshqirdistonning asalarichilik va xalq tabobati sohasida alohida o‘rin tutgan — "Asalarichilik va apiterapiya bo‘yicha Boshqird ilmiy-tadqiqot markazi" faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur ilmiy markazda zamonaviy tajriba bazasi yaratilgan. Bu yerda zotdor asalari yetishtirish zavodi, ilmiy-tadqiqot stansiyalari, asalari qo‘riqxonalari, sun’iy urug‘lantirish laboratoriyalari, asalarichilik mahsulotlarini qayta ishlash sexi hamda Respublika xalq tabobati va apiterapiya markazi faoliyat olib boradi.
Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdi. Xususan, Boshqird asalari populyasiyasi genofondini saqlash va qayta tiklash, xo‘jalik uchun foydali belgilarga ega ixtisoslashtirilgan liniyalarni yaratish bo‘yicha seleksiya ishlari, Boshqird asalining tarkibi, xususiyatlari va sifatini o‘rganish hamda apiterapiyani kasalliklarning oldini olish va davolashda qo‘llash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.
Shuningdek, Respublika xalq tabobati va apiterapiya markazida biologik faol asalarichilik mahsulotlarining samaradorligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bu yerda propolis suvini me’da-ichak kasalliklarida qo‘llash, boshqariluvchi mikroklimat sharoitida apiterapiya, insultdan keyin apitoksin terapiyasi, katta bo‘g‘imlar kasalliklarida asalari chaqishi, Covid-19dan keyin kompleks reabilitatsiya kabi usullar ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgani qayd etildi. Markaz faoliyati davomida 12 yil ichida 100 mingga yaqin bemor sog‘lomlashtirilgan.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev markazda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, ilmiy ishlanmalarning amaliyotga samarali joriy etilayotganini alohida ta’kidladi. Tomonlar kelgusida ushbu markaz bilan asalarichilik va xalq tabobati sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, seleksiya ishlari va mahsulotlarni qayta ishlash yo‘nalishlarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.





