Harbiylar yurt sarhadlarini, ma’naviyatchilar ong sarhadlarini muhofaza qiladilar
2026-02-06 19:20:00 / Yangiliklar

Bugun Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyat bo‘limida ijodkorlar, olimlar va ziyolilar ishtirokida muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jamiyatda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yoshlar tarbiyasi va zamonaviy axborot maydonida milliy qadriyatlarni asrash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlash faqat harbiy qudrat bilan emas, balki jamiyat ma’naviy immunitetini mustahkamlash orqali ham amalga oshiriladi. Agar harbiylar yurt sarhadlarini tashqi tahdidlardan himoya qilsalar, ma’naviyat va madaniyat sohasi vakillari inson ongi va tafakkuri sarhadlarini turli yot g‘oyalar, zararli axborotlar va ma’naviy illatlardan asraydilar.
Shu ma’noda, ma’naviyatchilar zimmasiga yuklatilgan vazifa yuksak mas’uliyat va fidoyilikni talab etadi.
Toshkent viloyati hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur muloqotda ana shu dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘z olgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Abdusamad Nosirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, professor Gʻafurjon Muhamedov, akademik Abdurashid Hasonov va boshqalar bugungi globallashuv sharoitida ziyolilarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha fikr bildirdilar.
Ayniqsa, yosh avlodni milliy o‘zlik, tarixiy xotira va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, axborot xurujlariga qarshi ma’rifiy yondashuvni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Zero, bugungi kunda yoshlar qalbi va ongi uchun kurash global tusda kechmoqda.
Shuningdek, viloyat ma’naviy hayotini yanada yuksaltirishga doir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, ijodkor va ziyolilar mehnatini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish, joylarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mahalliy matbuot va milliy kontentni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy tarmoqlarda ma’rifiy loyihalarni kengaytirish, aholi o‘rtasida umumiy savodxonlik va media madaniyatini oshirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Davra suhbati ochiq va amaliy ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar bildirgan fikr va takliflar kelgusida viloyat miqyosida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar dasturini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuv jamiyatda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash — barchamizning umumiy vazifamiz ekanini yana bir bor namoyon etdi. Chunki yurt tinchligi sarhadlar mustahkamligi bilan, ma’naviy barqarorlik esa onglar sog‘lomligi bilan ta’minlanadi.









