Toshkent viloyatida intellektual transport tizimi joriy etilmoqda
2026-02-05 18:50:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev transport va yo‘l infratuzilmasini boshqarishni zamonaviy bosqichga olib chiqish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish hamda tirbandliklarning oldini olish maqsadida axborot texnologiyalari bilan integratsiyalashgan intellektual transport tizimi bo‘yicha tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Unda yo‘llarda “aqlli” svetoforlar va boshqa zamonaviy texnik vositalarni joriy etish orqali yo‘l harakati boshqaruvini to‘liq raqamlashtirish, shuningdek, yo‘l harakati qoidalari buzilishini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari komplekslarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish “Telecom Soft” MChJ zimmasiga yuklatilgan.
Loyiha doirasida viloyat hududida foto va video qayd etish qurilmalari, zamon talablari darajasiga mos ustunlar, markazlashgan holda masofadan boshqariladigan svetoforlar, transport oqimini hisoblovchi zamonaviy kameralar hamda ko‘zi ojiz va imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ovozli xabarnoma beruvchi qurilmalar bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda. Bu orqali shahar va tumanlar kesimida harakatni boshqarish yanada samarali, aniq va tezkor bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Joriy etilayotgan intellektual transport tizimi doirasida videokuzatuv kameralari va turli sensorlar orqali transport, piyoda hamda yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda yig‘iladi. Ushbu ma’lumotlar maxsus dasturiy platformada tahlil qilinib, svetoforlarni boshqarish, ularning fazalarini real vaqt rejimida avtomatik moslashtirish hamda yo‘l-transport oqimini optimallashtirish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilinadi. Natijada tirbandliklar kamayishi, yo‘l harakati xavfsizligi oshishi va harakatning uzluksizligi ta’minlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, tizim jamoat va maxsus transport vositalari harakatiga ustuvorlik berish imkonini ham yaratadi. Xususan, agar harakat jadvalidan chetga chiqish holatlari kuzatilsa, “aqlli” tizim avtomatik tarzda avtobuslar va maxsus texnikalar uchun qulay sharoit yaratib, ularning belgilangan yo‘nalish va jadval asosida harakatlanishini ta’minlaydi. Bu esa aholining jamoat transportidan foydalanishdagi qoniqishini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida bugungi kunga qadar 7 ta chorrahada mavjud svetofor qurilmalari to‘liq yangilangan, 8 ta chorrahada esa yo‘l harakatini nazorat qiluvchi zamonaviy komplekslar o‘rnatilgan. Shundan 5 tasi haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqmaslik holatini aniqlovchi kameralar bilan jihozlangan. Ushbu chora-tadbirlar yo‘l harakati qoidalariga rioya etish darajasini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va avariya holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar ham aniq belgilab olingan. Xususan, 2026–2027 yillarda viloyat hududidagi 210 ta chorrahada svetofor qurilmalarini to‘liq yangilash va ularni intellektual transport tizimiga ulash rejalashtirilgan. Shuningdek, 50 ta obyektga tezlikni qayd etuvchi zamonaviy qurilmalar o‘rnatiladi. Bundan tashqari, 210 ta chorrahada yo‘l harakatini nazorat qiluvchi qurilmalar joylashtirilishi, jumladan, 10 tasi haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqmaslik holatini aniqlovchi kameralar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur ishlar natijasida viloyatda yo‘l harakati xavfsizligi sezilarli darajada oshishi, tirbandliklar kamayishi, transport oqimining samarali boshqarilishi hamda fuqarolar uchun yanada qulay va xavfsiz harakat muhiti yaratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar asosida boshqariladigan mazkur tizim “aqlli va xavfsiz shahar” konsepsiyasini izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.Taqdimot yakunida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ushbu loyiha nafaqat transport sohasida, balki umuman tuman-shaharlar infratuzilmasini boshqarishda yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ullarga ishlar sifatini qat’iy nazorat qilish, joriy etilayotgan tizim samaradorligini oshirish va aholi uchun qulayliklarni yanada kengaytirish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.





