Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi
2026-02-05 10:10:00 / Yangiliklar

Zoyir Mirzayev viloyatda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda aholining xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, migratsiya jarayonlarini tizimli tashkil etish, fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxona va vakilliklari Rossiya Federatsiyasida 15 ta, Yaponiyada 1 ta, Janubiy Koreyada 1 ta, Qozog‘istonda 4 ta hamda Turkiyada 2 tani tashkil etadi. Agentlik xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish, ularning faoliyati ustidan doimiy nazorat olib borish hamda sohada davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlovchi vakolatli organ hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Toshkent viloyatidan 12 ming 202 nafar fuqaro xorijga tartibli ravishda ishga yuborilgan. Yil davomida viloyatda 154 ta tanlov o‘tkazilib, ularda 3,4 ming nafar fuqaro ishtirok etgan. Ish beruvchilar tomonidan 1,3 ming nafar fuqaro tanlab olingan bo‘lsa, xorijda ishga joylashganlar soni 12,2 ming nafarga yetgan.
Shuningdek, yil davomida hamkor tashkilotlar bilan 21 ta mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Xususan, Germaniyaning Axen universiteti klinikasi (Uniklinik Aachen), Rossiyaning KMZ — Kingisepp mashinasozlik zavodi hamda Germaniyaning GLOBOGATE concept AG kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Aholini axborot bilan keng qamrab olish maqsadida Toshkent viloyati Migratsiya agentligi filialining 11 mingdan ortiq obunachiga ega rasmiy Telegram kanali faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, maxsus Telegram-bot ishga tushirilib, hozirda u orqali 361 ta mahalla telegram guruhlaridagi 240 ming nafar aholiga bir vaqtning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yetkazish imkoniyati yaratildi.
O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidan 71,5 ming nafar fuqaro xorijiy davlatlarda bo‘lib turibdi. Ularning 38,6 ming nafari mehnat faoliyati, 2,3 ming nafari o‘qish, 30,5 ming nafari esa doimiy yoki vaqtincha yashash hamda oilaviy sabablarga ko‘ra xorijga chiqqan.
2025-yil davomida xorijdagi viloyat fuqarolariga 951 ta holatda amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 190 nafar fuqaro murakkab moliyaviy ahvoldan chiqarilib vatanga qaytarildi, 14 nafarga bir martalik moddiy yordam berildi, 5 nafar fuqaroning vaqtinchalik yashash joyi xarajatlari qoplab berildi. Shuningdek, 484 nafar fuqaro huquqiy maslahat bilan ta’minlandi, 236 nafari vakolatxonalar orqali ishga joylashtirildi, 22 nafar xorijda vafot etgan fuqaroning jasadi vatanga olib kelindi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda 38,6 ming nafar fuqaro xorijdan qaytgan bo‘lib, ularning 32,1 ming nafari, ya’ni 83,2 foizining bandligi ta’minlangan. Jumladan, 8,6 ming nafari rasmiy sektorda, 16,1 ming nafari tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish yo‘li bilan, 7,4 ming nafari esa ta’lim, kasb-hunar va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat boshlagan.
Kadrlar tayyorlash va chet tillarini o‘qitish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda viloyatda 137 nafar fuqaro bepul nemis tili kurslarida tahsil olmoqda. 2026-yilda Yangiyo‘l shahri va Bo‘ka tumanida ham bepul til kurslarini ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Migratsiya agentligi Yaponiyaning “Proud Partners” kompaniyasi bilan hamkorlikda haydovchilarni Yaponiyaga ishga yuborish loyihasini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, Yangiyo‘l shahrida hamda O‘rtachirchiq tumanida xalqaro standartlar asosida mutaxassislar tayyorlash va ISO-9606 sertifikati berish yo‘lga qo‘yilgan.Taqdimotda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ham ma’lum qilindi. Xususan, 4 200 nafar fuqaro talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar va chet tillariga o‘qitiladi, 13 750 nafar fuqaroning xorijdagi munosib ish o‘rinlariga joylashtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Janubiy Koreya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishlarga fuqarolarni yuborish bo‘yicha “pilot” loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev migratsiya jarayonlarini boshqarishda raqamli texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlardan keng foydalanish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, 2026-yilda Toshkent viloyatida zamonaviy “Migratsiya markazi” majmuasini barpo etish rejalari belgilab olindi.



