Viloyat rahbari Chinoz tumanida rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi
2026-02-04 20:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrda qabul qilingan “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Chinoz tumanini yangicha, zamonaviy qiyofaga aylantirish rejalashtirilgan.
Mazkur istiqbolli loyihalar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chinoz tumaniga borib, tuman markazida rejalashtirilgan hamda amalga oshirilayotgan qurilish, renovatsiya va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, ko‘p qavatli turar joy binolarini renovatsiya qilish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini barpo etish, madaniyat va sport infratuzilmasini yangilash, “Yoshlar bog‘i”ni rekonstruksiya qilish, shuningdek, 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatadigan ko‘chani tashkil etish loyihalarining joriy holati o‘rganildi.
Shu bilan birga, bozor hududlarini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, piyodalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan loyihalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Sanoat va servis sohalariga oid loyihalarning tuman iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi bandligini oshirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi mazkur loyihalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirib, har bir ishni belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish, shuningdek, aholi uchun qulay va zamonaviy shahar muhitini shakllantirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.




