Qorli tog‘lar bag‘ridagi insonparvarlik manzillari
2026-01-30 12:35:00 / Ijtimoiy himoya

Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududida joylashgan “Sijjak” mahallasida aholining ehtiyojmand qatlamiga manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Qish faslida yo‘llar qalin qor bilan qoplanib, qatnov murakkablashishiga qaramay, ijtimoiy yordamlar uzluksiz davom etmoqda.
Mahallada yashovchi Xayrullo Pirmetov oilasida uch nafar farzand bor. Ularning kenjasi Umidjon Izzatullaev tug‘ma nogironlik bilan dunyoga kelgan. Sog‘lig‘ining zaifligi sababli Umidjon maktabga bir yil kech borgan.
Farzandining ta’lim olishini ta’minlash maqsadida ijtimoiy xodim tomonidan bolaga psixologik yordam ko‘rsatilib, 125-maktabdan o‘qituvchi jalb qilindi.
Shuningdek, bolaning onasi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uy sharoitida harakatlanishi uchun tayanch moslama, tashqarida yurishi uchun esa elektron arava bilan ta’minlandi.
— Bizning vazifamiz faqat hujjat rasmiylashtirish yoki yordam yetkazish bilangina cheklanmaydi. Eng muhimi insonni tinglash, uning dardini tushunish va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir. Ba’zan birgina e’tibor, bir og‘iz iliq so‘z ham katta tayanch bo‘lib xizmat qiladi. O‘z kasbimdan faxrlanaman, — deydi "Sijjak" mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko'rsatuvchi xodim Parvina Ashurmetova.
Mahallada istiqomat qiluvchi Hilola Turg‘unboeva oilasi ham ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganildi. Hilola opa 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan.
Unga psixologik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi. Uyida 80 yoshli ota-onasi istiqomat qilgani bois, ularga qarab turish uchun tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Hilola opa faol hayotga jalb etilib, adaptiv sport bilan shug‘ullanishi yo‘lga qo‘yildi.
Ijtimoiy loyiha doirasida unga tikuvchilik bilan shug‘ullanish va shogird tayyorlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi hamda tirsakli qo‘ltiq tayoq berildi.
Bugungi kunda u shogirdlar tayyorlamoqda, holati esa ijtimoiy xodim tomonidan doimiy nazoratda.
“Sijjak” mahallasida yashovchi Jo‘raboy Abdullaev esa 1-guruh nogironligi bo‘lgan, doimiy parvarishga muhtoj fuqaro hisoblanadi.
U uchun hamshira yollanib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Jo‘raboy aka adaptiv sport, xususan, shashka bilan shug‘ullanishga jalb qilindi.
Kelini tomonidan parvarish qilinishi bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, sayr qilishi uchun maxsus arava bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, tog‘li hududda joylashgan “Sijjak” mahallasida ijtimoiy xizmatlarni yetkazish oson emas. Shunga qaramay, Parvina Ashurmetova qorli kunlarda ham ot minib, chekka xonadonlarga borib, ehtiyojmand fuqarolarga zarur ijtimoiy xizmatlarni yetkazmoqda.




