Toshkent viloyati mebelsozlari dual ta’lim imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda
2026-01-22 10:50:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatida mebelsozlik sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda dual ta’lim tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Shu yo‘nalishda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan “Keng Makon” mebelsozlik fabrikasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 maydagi PQ-193-sonli qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi 163-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida mebel va yog‘ochsozlik sanoatini rivojlantirish, mazkur sohalar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda dual ta’lim tizimini amaliy jihatdan kuchaytirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkor A. Abdurahmonovning ta’kidlashicha, ushbu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mebel va yog‘ochsozlik tarmoqlarini oliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish, iqtidorli talabalarni amaliyotga jalb etish, ularni keyinchalik ish bilan ta’minlash hamda sohada raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Kuni kecha hamkorlik doirasida ishlab chiqarish korxonasi va universitet o‘rtasidagi hamkorlikning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Xususan, dual ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalarning qo‘l mehnati asosida bajargan ishlari mutaxassislar tomonidan baholandi. Shuningdek, dizayn yo‘nalishida zamonaviy yechimlardan yanada keng foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Eng yaxshi ishlanma mualliflari munosib taqdirlandi.
E’tiborli jihati, mazkur hamkorlik talabalarga o‘qish jarayonidan ajralmagan holda mebelsozlik dizayni va ishlab chiqarish yo‘nalishida professional ko‘nikma hamda mahoratlarini oshirishga katta turtki bo‘lmoqda.



