Xabar berganimizdek, Toshkent viloyati hokimligi Yangi yil munosabati bilan bir qator ezgu tashabbuslarni e’lon qilgan edi.
2025-12-30 17:15:00 / Yangiliklar

Shulardan biri — viloyatdagi ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan 210 nafar o‘smirning ro‘yxati shakllantirilib, ularga qishki kiyimlar olib berildi.
Bu ishga viloyatdagi 100 dan ortiq boshqarma va tashkilotlar, korxonalar xayrixohlik bildirib, ixtiyoriy ravishda bosh qo‘shdilar.
Manzilli ro‘yxatga kiritilgan 210 nafar bolaga ana shunday tashabbuskor va saxovatpesha rahbarlarga biriktirildi. Shuningdek, viloyat hokimi va barcha o‘rinbosarlariga ham bolalar biriktirildi.
Eng esda qolarlisi — rahbarlar bir kunlarining katta qismini to‘liq bolajonlarga bag‘ishlashdi. Ularning shaxsan o‘zlarini savdo nuqtalariga olib borib, kichkintoylarning jussalariga va didlariga mos kelgan bosh-oyoq qishki kiyimlardan sotib olib, hadya qilishdi.
Albatta, liboslarga qo‘shib, Qorboboning shirinliklardan iborat sovg‘alari ham tortiq etildi. Birgalikdagi tushlik taom va tegishli hududlarda bezalgan katta archalar atrofidagi sayru bazmlar ham bolajonlarga bag‘oyat xush yoqdi.
Bunday ezgu tashabbuslar Yangi yil bayramining haqiqiy mazmun-mohiyatini — insonparvarlik, mehr-oqibat va g‘amxo‘rlikning yana bir bor ifodasi bo‘ldi.




