Toshkent viloyat sudi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi
2025-12-27 15:35:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Toshkent viloyat sudining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbir ko‘tarinki ruhda va bayramona kayfiyatda o‘tkazildi.
Yangi sud binosi Nurafshon Business City hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy arxitektura va amaldagi talablar asosida barpo etilgan. Unda sud tizimi faoliyatini samarali tashkil etish, fuqarolar uchun qulay, ochiq va shaffof muhit yaratish, sudlov jarayonlarining tezkor hamda adolatli olib borilishini ta’minlashga qaratilgan barcha zarur sharoitlar mujassam.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov va uning o‘rinbosarlari, Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, viloyat sudyalari, “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent viloyati vakillari, sud faxriylari hamda keng jamoatchilik a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, sudlarning ochiqligi va fuqarolar uchun qulayliklarni yanada kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlar alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yangi bino sudlov jarayonlari samaradorligini oshirish, adolat tamoyillarini mustahkamlash va aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Mazkur zamonaviy inshoot sud-huquq sohasidagi islohotlarning amaliy ifodasi deyish mumkin.



