Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik — yirik qo‘shma loyihalar ro‘yobiga yo‘l
2025-12-23 16:45:00 / Yangiliklar

Saudiya Arabistonida xizmat safari bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi direktorlar kengashi raisi Abdulloh Abdurahmon Al-Obaykan bilan uchrashdi.
Muloqot davomida hududlararo aloqalarni mustahkamlash, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Abdulloh Abdurahmon Al-Obaykan Saudiya Arabistonida xususiy sektorni rivojlantirish, sanoat va raqamli transformatsiya sohalarida yetakchi shaxslardan sanaladi.
U rahbarlik qilayotgan "Al-Obeikan Investment Group" kompaniyasi sanoat, ta’lim xizmatlari va raqamli yechimlar sohalarida faoliyat yuritib, bosh qarorgohi Ar-Riyod shahrida joylashgan. Kompaniya 16 ta davlatda faoliyat olib boradi, 20 ta yirik zavodda 3 ming nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining investisiyaviy va iqtisodiy salohiyati haqida atroflicha to‘xtalib, Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish – har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyat hokimi saudiyalik tadbirkorlar uchun tashkiliy-ma’muriy masalalar, infratuzilmaga ulanish, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Suhbat so‘nggida Ar-Riyod Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va a’zo tadbirkorlari Toshkent viloyatiga taklif etildi.
