Toshkent viloyati va Saudiya biznes doiralari o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-12-22 15:35:00 / Yangiliklar
Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Saudiya Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi raisi Hasan bin Mujib Al-Huvayziy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususiy sektorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, investisiya va biznes hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Saudiya Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 28 ta savdo va sanoat palatalarini birlashtiruvchi markaziy biznes tashkiloti hisoblanadi. Federatsiya xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, uning milliy iqtisodiyot rivojidagi rolini kuchaytirish, shuningdek, “Vision 2030” maqsadlarini amalga oshirishda muhim platforma sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuv davomida Zoyir Mirzayev tadbirkorlik va xususiy sektor faolligi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 133,6 million AQSH dollarini tashkil etgan. Hozirgi kunda esa saudiyalik ishbilarmonlar ishtirokida O‘zbekistonda 32 ta korxona, jumladan, 17 ta to‘liq xorijiy va 15 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, biznes delegatsiyalar almashinuvini tashkil etish, ko‘rgazmalar, forumlar va taqdimotlar o‘tkazish orqali amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Toshkent viloyati hokimi viloyatning sanoat, agrosanoat, farmasevtika, qurilish materiallari, logistika, to‘qimachilik, xizmatlar va turizm sohalaridagi investisiyaviy salohiyati haqida ma’lumot berib, Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari bilan hududlararo hamkorlikni faol rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Zoyir Mirzayev Saudiya Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi rahbariyati va saudiyalik tadbirkorlar delegatsiyasini Toshkent viloyatiga taklif qildi.
Uchrashuv ishtirokchilari mazkur muloqotni ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholab, kelgusida amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
