Toshkent viloyati delegatsiyasining saudiyalik rasmiylar bilan uchrashuv va muloqotlari davom etmoqda
2025-12-22 12:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Ar-Riyod shahri bo‘yicha Qirollik komissiyasi huzuridagi Transport boshqarmasi direktori Tariq Al Faris bilan muloqot qildi.
Mazkur uchrashuvda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodni kompleks rivojlantirish, transport tizimini modernizatsiya qilish, jamoat transportini takomillashtirish hamda shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy tajribalar e’tirof etildi.
Xususan, Qirollik komissiyasining Ar-Riyod shahrini jahon darajasidagi zamonaviy megapolisga aylantirishga qaratilgan strategiyasi, davlat organlari, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmlari hamda Vision 2030 doirasidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati O‘zbekiston poytaxtiga yaqin joylashgan, aholi zichligi yuqori va iqtisodiy faol hudud sifatida mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, jamoat transporti sifatini oshirish, logistika tizimini takomillashtirish hamda shahar muhitini yaxshilash masalalari hudud uchun ustuvor vazifalardan ekani qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida turizm sohasi jadal rivojlanayotgani, tog‘li hududlar va dam olish maskanlariga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani transport yechimlari va harakatlanish samaradorligiga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar darajasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shahar va hududlarni barqaror rivojlantirish yo‘lida kelgusida qo‘shma tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishib oldilar.



