Davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali topshirildi
2025-12-10 15:05:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati hokimligida Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan ushbu yo‘nalishda fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh bir guruh soha xodimlarini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlash marosimi tantanali ravishda bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, barcha qishloq xo‘jaligi fidoyilarini bayram bilan samimiy tabrikladi. Viloyat rahbari o‘z nutqida qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutishini, ayniqsa, sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ilmiy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalar natijasida hosildorlik yildan-yilga ortib borayotganini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng agrar sohada samarali mehnat qilayotgan, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etib, yetishtirilayotgan mahsulot sifatini va hajmini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faollarga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu yuksak e’tirof ularning fidoyiligi, halol mehnati va aholining farovon turmushiga qo‘shgan beqiyos xizmatlari uchun berilgan munosib mukofot bo‘ldi.
Darhaqiqat, dehqon va fermerlarimizning mashaqqatli mehnati tufayli bozorlarimizda baraka, xalqimiz dasturxonida esa to‘kin-sochinlik hukm surmoqda.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bayramona kayfiyat bilan esdalik uchun fotosuratlarga tushishdi.
Marosim qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmatning yana bir yorqin ifodasi sifatida yodda qoldi.




