AQSH safari: Zoyir Mirzayev Nyu-Yorkda muhim uchrashuvlar o‘tkazdi
2025-11-15 15:15:00 / Yangiliklar

Amerikada xizmat safari bilan bo‘lib turgan Zoyir Mirzayev Nyu-York shahrida AQSHning moliya, energetika, sanoat va xalqaro savdo sohalarida faoliyat yurituvchi qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Jumladan, global investision-bank va moliyaviy konsalting kompaniyasi “Oppenheimer Holdings Inc.” direktori Jon Tonelli bilan muloqot tashkil etildi. Unda kompaniyaning boshqaruv direktorlaridan biri, hamyurtimiz Farxod Inogamboyev ham ishtirok etdi.
Davra stoli atrofida kechgan muzokaralar davomida Toshkent viloyatidagi yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish, korxonalar uchun moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, hududiy loyihalarni tashqi investorlarga tanitish bo‘yicha texnik va konsalting ko‘mak ko‘rsatish, qo‘shma investisiyaviy dasturlarni yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Ma’lumot uchun: “Oppenheimer Holdings Inc.” kompaniyasining dunyoning turli mintaqalarida 92 ta ofisi mavjud bo‘lib, bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan. 2023 yilda kompaniyaning sof foydasi 1 milliard dollarni, boshqaruvidagi moliyaviy aktivlar esa 36 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
“Oppenheimer Holdings Inc.” rahbariyati muzokaralar natijasida Toshkent viloyatidagi yirik loyihalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Navbatdagi uchrashuv AQSH, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda 40 yillik xalqaro tajribaga ega tadbirkor, “Yaqubian International Trading Corp.” Kompaniyasi bosh direktori Zohir Yaqubiy bilan bo‘ldi.
Kompaniya okean orti bozorida umumiy tovarlar, elektronika va brendli iste’mol mahsulotlarini import qilish va tarqatish bilan shug‘ullanadi. Zohir Yaqubiy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik orqali logistika, sifat nazorati va taqsimot tizimlarini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan. Tadbirkor AQSHdan tashqari Rossiya va Ukrainada ham biznes faoliyatini yuritib, Afg‘onistonda esa turli yo‘nalishlarda investisiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlab keladi.
Muloqotda Zoyir Mirzayev tadbirkorning ulkan xalqaro tajribasi, ayniqsa import-eksport, logistika va investisiya sohalaridagi yutuqlari Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan yangi loyihalar ro‘yobi uchun muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, ishbilarmon bilan xalqaro bozorga chiqish va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, brendlar taqsimoti, yetkazib berish zanjirlari va xalqaro savdo mexanizmlarini takomillashtirish, investorlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda hududiy loyihalar uchun xorijiy sarmoyadorlarni ko‘proq jalb etish borasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
AQSHning energiya va ekologik innovatsiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishgan “Pangea Filtration Technologies, LLC” kompaniyasi rahbarlari bilan o‘tgan muloqot ham samarali va o‘zaro ishonch ruhida kechdi. Unda kompaniyaning asosiy aksiyadori va rahbarlar guruhi ishtirok etdi.
Mazkur kompaniya amerikalik tadbirkor va muhandis Dan Bitz tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, qisqa muddatda katta yutuqlarga erishgan. Kompaniyaning bosh qarorgohlari Florida va Vashingtonda joylashgan. Nyu-York, Xьyuston, Luiziana, shuningdek, Shvesiya va Bolgariyada ham uning ofislari mavjud.
Kompaniya jamoasi umumiy qiymati 60–75 milliard dollarlik energetik va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega. Ular gaz quvurlari qurilishi, markazlashtirilgan isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, energiya o‘tishi va geotermik yechimlar kabi yirik yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda Toshkent viloyatida geotermik energiyani o‘zlashtirish va rivojlantirish, energiya tejovchi infratuzilmalarni, xususan mikrogridlar va energiya saqlash tizimlarini joriy etish, markazlashtirilgan isitish tizimlarini modernizatsiya qilish, ekologik barqaror texnologiyalarni tatbiq etish kabi masalalarda hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
Viloyat rahbari kompaniyaning katta tajribasi va xalqaro ko‘lamdagi loyihalarini yuqori baholadi hamda viloyatda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar energetik samaradorlik va ekologik barqarorlikni oshirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
O‘z navbatida, “Pangea Filtration Technologies, LLC” rahbariyati Toshkent viloyatining sanoat salohiyati, yuqori investision jozibadorligi va qulay sharoitlari kompaniya vakillarida katta qiziqish uyg‘otganini bildirdi.
Tomonlar yaqin vaqt ichida aniq loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Shu kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Nyu-York shahari meri Erik Adams o‘rtasida norasmiy formatda, samimiy uchrashuv tashkil etildi.




