Toshkent viloyati tadbirkorlari AQSHning yetakchi savdo korporatsiyasi bilan hamkorlik qiladi
2025-11-14 16:30:00 / Yangiliklar

Amerikada xizmat safari bilan bo‘lib turgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyasining ishbilarmon doiralar vakillari bilan samarali uchrashuv va muloqotlari davom etmoqda.
Xususan, Zoyir Mirzayev AQSHlik taniqli tadbirkor — Grand Market International Corporation ta’sischisi Edvard Shnayder va u boshchiligidagi korporatsiya vakillari bilan muzokara o‘tkazdi.
Do‘stona ruhda kechgan muloqotda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni bog‘lash, Toshkent viloyatida ishlab chiqarilgan tayyor oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini korporatsiya tarmoqlari orqali Amerika bozorlariga chiqarish, xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash, logistika va eksport imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Amerikalik oligarx viloyatimiz delegatsiyasi a’zolariga korporatsiya faoliyati, yetkazib berish tizimi, xalqaro savdo tajribalari va Amerika bozorida etnik oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab dinamikalari haqida batafsil so‘zlab berdi.
Ma’lumot uchun: GMI (Grand Market International) okeanorti mamlakatining yirik korporatsiyalaridan biri bo‘lib, AQSHga dunyoning 20 ga yaqin davlatlaridan turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Korporatsiya logistika tarmog‘i, ishlab chiqarish ob’yektlari va taqsimot markazlari orqali to‘liq integratsiyalangan oziq-ovqat ekotizimini yarata olgan. Uning tarkibida AQSH bo‘ylab 13 ta yirik supermarketlar tarmog‘i bo‘lgan NetCost, shuningdek, ko‘p qirrali faoliyat bilan shug‘ullanuvchi GMI, Garden Fresh Produce, Manufacturing, Global Food Aliance kabi yirik tuzilmalar kiradi.
Suhbat davomida mezbonlarga viloyatimizda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, eksportbop organik mahsulotlar turi, xajmi va sifati, ho‘l va quruq mevalarimizning dunyo bozoridagi o‘rni haqida ma’lumotlar berildi.
Tomonlar imkoniyatlarni o‘rganib, yaqin muddatda amaliy qo‘shma loyihalarni boshlash borasida kelishib oldilar.



