Toshkent viloyati 2026 yilgi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
2025-11-08 10:30:00 / Yangiliklar

Butunjahon jang san’atlari ittifoqi (WoMAU) delegatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, shuningdek, yakkakurash sport turlarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusi yilda Jang san’atlari bo‘yicha 2026 yilgi Osiyo chempionatini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazish taklifini ilgari surdilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mehmonlar universitetning zamonaviy sport inshootlari, o‘quv-laboratoriya majmualari hamda moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. Yakkakurash sport turlari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan tayyorlangan “Jang san’atlari” festivali namoyish etildi.
Ma’lumot uchun: Butunjahon Jang San’atlari Ittifoqi (WoMAU) 2002-yil 2-oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 47 mamlakatning 50 dan ortiq federatsiyalarini birlashtirgan yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi.






