Toshkent viloyati faollari, deputatlar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining viloyat ahliga MUROJAATI
2025-11-07 10:50:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati faollari, deputatlar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining viloyat ahliga
MUROJAATI
Aziz vatandoshlar!
Qadrli viloyatimiz ahli!
Toshkent viloyati — ona diyorimizning bebaho gavharidir. Tabiat mana shu fusunkor va serquyosh yurtimizga nimaiki ato qilgan bo‘lsa, qanday boyliklar, qanday ne’matlar bilan siylagan bo‘lsa, ularning hamma-hammasi go‘zal viloyatimizda mujassam.
Bu zaminning unumdor tuprog‘i, qut-baraka yog‘ilgan dala va bog‘lari, sersuv soy va daryolari, yirik suv omborlari viloyatimizni yil bo‘yi yashillikka burkab, barchamizga betakror tabiat va musaffo obi-hayot ne’matlarini in’om etib keladi.
Viloyatimizning ko‘p tarmoqli ekotizimlari, xilma-xil tabobat va nabobat dunyosi, sarxil va shifobaxsh mevazor bog‘lari barchaning havasini o‘ziga tortadi.
Betakror ona tabiatimizni asrab-avaylab, kelajak nasllarga bundanda boy va rang-barang holida yetkazish barchamizning muqaddas insoniy burchimizdir.
Qadrli do‘stlar!
Xabaringiz bor, viloyatimiz mamlakatimizning eng yirik logistika va sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Viloyatimizga keluvchi sayyohlar oqimining muntazam ko‘payib borayotgani, qurilish va bunyodkorlik ishlari hajmi ortayotgani, xalqaro ahamiyatdagi yirik avtomagistrallarda avtomobillar qatnovi keskin oshayotgani ona tabiatimizni zaharli gaz va moddalardan har qachongidan ko‘proq muhofaza qilishimiz lozimligini taqozo etmoqda.
Ming afsuski, bugun suvdan, tuproqdan noto‘g‘ri foydalanish, ekologik jihatdan zararli texnologiyalarni qo‘llash oqibatida sayyoramizda iqlim o‘zgarib, bioxilma-xillik yo‘qolib borayotgani hech kimga sir emas.
Prezidentimiz tashabbusi bilan, bir necha yil avval yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” loyihasi boshlanganini naqadar to‘g‘ri va oqilona ish bo‘lganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Shu sababli ham, bu loyiha o‘z ahamiyati va mohiyati bilan allaqachon umummilliy harakatga aylanib ulg‘urdi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 26-sentyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida daraxtni kuzda ekishni ko‘paytirish zarurligi bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdilar.
Shu kunlarda ana shu umummilliy loyiha doirasida butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham kuzgi daraxt ekish mavsumi davom etmoqda, bu borada “dolzarb bir oylik” e’lon qilindi.
Prezidentimizning ezgu tashabbuslaridan ruh olib, barchangizni, butun el-yurtimizni “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz!
Zotan, dono xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, degan purma’no gap bor. Muqaddas dinimiz ham bizni yaratuvchanlikka, bog‘u ro‘g‘lar barpo etib, insonlarga rizq ulashishga buyuradi.
Oilada farzand dunyoga kelganida unga atab ko‘chat ekish, hashar yo‘li bilan bog‘lar yaratish, imoratlar atrofiga ko‘kalamzor ekishdek ezgu odatlarimiz bor.
Ana shu xayrli an’analarimizga sodiq qolib, shu yilning 8-9 noyabr — shanba va yakshanba kunlari viloyatimiz bo‘ylab “Yashil makon” loyihasi doirasida katta hashar e’lon qilindi!
Qadrli mahalla faollari!
Mahallalarda, ko‘cha va guzarlarida bo‘sh turgan, daraxt ekilmagan joylar hali juda ko‘p. Endigi vazifamiz bu joylarni bog‘-ro‘glarga aylantirishda mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirish, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirishdan iboratdir.
Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog‘lari”ni yaratishimiz, yashil hududlarni ko‘paytirishimiz, shaxsiy namuna sifatida dastlab o‘z xonadonimiz va ko‘chamizni obod qilishimiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur!
Ekilgan har bir niholni parvarishlash va saqlashda mahalla faollari, boshqaruv-servis kompaniyalari jonbozlik ko‘rsatishi lozim.
Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!
Yerga mehr berish, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratishda sizlarning ulushingiz katta. Viloyatda 6 ming 700 dan ziyod fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan 10 millionga yaqin iqlimbop manzarali nihollar parvarishlanmoqda.
Bu savobli ishlarni davom ettirish uchun har bir xonadon egasi o‘z tomorqasiga, mahalla guzari va ko‘chasiga 10 tupdan ko‘chat eksa, viloyat bo‘ylab o‘rtacha 6-7 million daraxt bunyod bo‘ladi.
Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o‘z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko‘chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz yashillikka burkanadi.
Muhtaram nuroniylar!
Sizlarning hayot tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelmoqda.
Viloyatimizdagi 300 mingdan ortiq nuroniylardan mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda, aholi tomonidan ko‘chatlarni namunali ekishni tashkil etishda, ularni saqlashda yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz.
Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu nasihat, tavsiya va ko‘rsatmalaringiz barchamiz uchun muhimdir.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatlaringiz, g‘ayrat-shijoatlaringiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.
Ona zaminimizga mehr bering! Nurlik kelajak uchun bugundan boshlab o‘z xonadoningiz, ko‘changiz, mahallangizda o‘z niholingizni eking! Milliy qadriyatlarimizning gultoji bo‘lgan hasharalarda faol bo‘ling!
Aslo unutmaylik, siz O‘zbekiston farzandisiz, sizning hissangiz – bu ota-onangiz, mahallangiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!
Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi hasharalarda faol qatnashaylik, shaxsiy namuna ko‘rsataylik!
Toki, bizdan farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go‘zal Vatan qolsin!
