Toshloq tumani Hokimiyati haqida

O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi uch turdagi hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladi. Bular qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlaridan iborat. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Oliy Majlis bo‘lib, u quyi va yuqori palatadan tashkil topgan. Quyi, ya’ni Qonunchilik palatasi 150 nafar doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatuvchi deputatlardan iborat bo‘lib, asosan qonun hujjatlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Yuqori palata esa Senat deyiladi va u 100 nafar senatorlardan shakllanadi. Senatorlar o‘zlarining asosiy xizmat vazifalaridan ajralmagan holda vaqti-vaqti bilan yig‘ilib, Qonunchilik palatasi tomonidan yaratilgan qonun hujjatlarini ko‘rib chiqib, qabul qiladilar.
Ijro hokimiyatiga Vazirlar Mahkamasi boshchiligida vazirliklar, idoralar, Toshkent shahri va viloyatlar hamda tumanlar hokimliklari kiradi. Ijro hokimiyati joylarda qonunlarning ijrosini ta’minlash vazifasini bajaradi. Sud hokimiyatiga Respublika Oliy sudi boshchiligida turli sohalardagi barcha sudlar kiradi. Sudlar qonun ustuvorligini ta’minlaydi va fuqarolar hamda tashkilotlar tomonidan qonunlarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
Toshloq tumani hokimligi tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, xalq deputatlari tuman Kengashi hamda tuman hokimining qaror va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi. Tuman hokimligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi oldida hisob beradi.
Tuman hokimligi vakolatlarining amalga oshirilishi tuman hokimi, hokim o‘rinbosarlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tegishli tashkilotlar, tuman hokimligining doimiy va muvaqqat komissiyalari hamda boshqa ishchi organlarning, shuningdek hokimlik apparatining tashkiliy-amaliy faoliyati orqali ta’minlanadi.
Tuman hokimligi faoliyati tuman hokimi tomonidan tashkil etiladi. Tuman hokimi qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida hududdagi barcha organlar, korxonalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar chiqaradi. Tuman hokimining me’yoriy tusdagi yoki muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari qaror shaklida, tezkor va joriy masalalar bo‘yicha hujjatlari esa farmoyish shaklida qabul qilinadi.
“Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining investitsiyalarni keng jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish borasidagi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 28-noyabrdagi PQ–3407-son qaroriga muvofiq tuman hokimligi boshqaruv apparatining vazifalari, funksiyalari, huquqlari, mas’uliyati hamda faoliyatini tashkil etish tartibi belgilanadi.
Boshqaruv apparati o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonun hujjatlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, xalq deputatlari Kengashi va hokim hujjatlariga amal qiladi.
Boshqaruv apparati hokimlik faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy-texnik va moliyaviy-xo‘jalik jihatdan ta’minlaydi, xalq deputatlari tuman Kengashi majlislarini reglament asosida tayyorlaydi, qarorlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularning ijrosini nazorat qiladi.
Boshqaruv apparati xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyatiga tashkiliy va texnik xizmat ko‘rsatadi.
Toshloq tumani hokimligi apparati o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun, Prezidentning PQ–3407-son qarori, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 29-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma hamda tegishli reglamentlarga amal qiladi. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun asosida olib boriladi.
Manzil: Farg‘ona viloyati, Toshloq tumani
Tel: (73) 238 0494, (73) 238 10 28
Veb-sayt: https://gov.uz/oz/toshloq toshloq.uz
Ish vaqti: Dushanbadan jumagacha 09:00 – 18:00
Dam olish kunlari: shanba, yakshanba
Tushlik vaqti: 13:00 – 14:00
