70 YILLIK ORZU
2026-10-23 09:10:00 / Yangiliklar

Salomatxon aya Xudoyberdiyeva Toshloq tumanidagi «Chek» mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Uning aytishicha, ular istiqomat qiladigan ko‘cha 70-yil davomida biror marta ham asfaltlanmagan. Yomg‘irli kunlarda loy, quruq havoda esa changga aylanadigan yo‘llar aholi uchun yillar davomida dolzarb muammo bo‘lib kelgan.
Kunlarning birida mahalla raisi aholiga xushxabar yetkazish maqsadida ko‘chalarni asfaltlash uchun «Ochiq byudjet» tashabbusi doirasida ovoz to‘planayotganini aytadi. Mobil telefon orqali ovoz berish orqali ko‘chalarni ta’mirlash imkoniyati borligini eshitgan Salomatxon aya hech ikkilanmay ovoz beradi. O‘g‘illari va nabiralarini ham faol bo‘lishga chaqiradi. Natijada bir oilaning o‘zi 11 ta ovoz beradi.
Oradan bir oy o‘tib, mahalla raisidan quvonchli xabar keladi: «Ochiq byudjet»da g‘olib bo‘lishgan! Endi ko‘chalar asfaltlanadi.
70-yillik orzusining amalga oshishiga hissa qo‘shganidan Salomatxon ayaning quvonchi cheksiz edi. Zero, ba’zan birgina ovoz ham yillar davomida yechimini kutayotgan muammoni bartaraf etishga yo‘l ochadi.
