YoSHLAR VA STARTUP: INNOVATSION G‘OYALAR VA YANGI IMKONIYATLAR
2026-10-22 12:05:00 / Yangiliklar

Toshloq tumanida axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi, innovatsion loyihalar va startap g‘oyalariga ega yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Unda Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev hamda Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad — yoshlarning IT sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish va istiqbolli startap loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarining startap g‘oyalari, ishlanmalari va kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish va zamonaviy bilimlarni egallash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari yoshlarga o‘z innovatsion ishlanmalari va startap loyihalarini huquqiy jihatdan himoya qilish, ularga nisbatan intellektual mulk huquqlarini rasmiylashtirish hamda patent olish tartiblari bo‘yicha tushuntirish va amaliy tavsiyalar berdi.



