TOSHLOQ TUMANIDA PAXTA TERIMIGA PUХTA TAYYORGARLIK VA 2027 YIL HOSILI UCHUN DON EKISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-09-05 15:35:00 / Yangiliklar

Toshloq tumani Zarkent hududidagi “Zarkent ziynati” fermer xo‘jaligida defoliatsiya ishlarini sifatli tashkil etish, paxta terimiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda 2027 yil hosili uchun don ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va muassasalar mutasaddilari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda faollar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida xalqimizning ezgu qadriyatlariga muvofiq qurbonlik so‘yilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, dehqon va fermerlar mehnatiga baraka tilab duo qilindi.
Amaliy seminarda joriy yilgi paxta hosilini nobudgarchiliksiz yig‘ishtirib olish, dalalarda defoliatsiya tadbirlarini agrotexnik talablar asosida va belgilangan muddatlarda o‘tkazish, paxta terimi mavsumiga zarur texnika va ishchi kuchlarini to‘liq safarbar etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, 2026 yil hosili uchun Toshloq tumanidagi 165 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 300 gektar maydonda parvarishlanayotgan paxtadan 22 ming 300 tonna hosil olish maqsad qilingan.
Belgilangan reja va ko‘rsatkichlarga erishish uchun har bir fermer xo‘jaligi rahbari hamda mas’ul mutasaddilarga paxta hosilini qisqa muddatlarda, sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ishtirib olish, terimchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish, dalalarda xavfsizlik va tartib-intizomni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, defoliatsiya jarayonini ilmiy asosda va dala holatidan kelib chiqqan holda tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan preparatlardan belgilangan me’yorlarda foydalanish, agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish va amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam nazorat qilib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminarda kelgusi yil hosili uchun don ekish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, g‘alla ekiladigan maydonlarni o‘z vaqtida tayyorlash, yerga sifatli ishlov berish, urug‘lik va mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumga shay holatga keltirish hamda barcha agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Mas’ullar va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, belgilangan rejalar ijrosini ta’minlash hamda 2027 yil hosili uchun don ekish ishlarini yuqori sifatda tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, fermer va dehqonlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, yer unumdorligini saqlash va oshirish, yuqori hosildorlikka erishish orqali tumanning agrar salohiyatini yanada yuksaltirish muhimligi ta’kidlandi.
Ayni paytda Toshloq tumani fermerlari bir yoqadan bosh chiqarib, joriy yilgi paxta hosilini sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ishtirib olish, 22 ming 300 tonnali paxta xirmonini yaratish hamda 2027 yil hosili uchun don ekish ishlarini o‘z vaqtida va namunaviy tashkil etish yo‘lida izchil mehnat qilmoqdalar.


