XALQ DEPUTATLARI TOSHLOQ TUMANI KENGASHINING NAVBATDAGI SESSIYASIDA MUHIM MASALALAR MUHOKAMA QILINDI
2026-07-29 15:25:00 / Yangiliklar

Toshloq tumanida yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining yigirma to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Sessiya ishida tuman hokimi Abduqahhor Djurayev, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, ekspertlar hamda Yoshlar maslahat guruhi a’zolari, “Madad” nodavlat notijorat huquqiy maslahat byurosi mutaxassislari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat tashkilotlari va tegishli xizmatlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish kun tartibidan tuman taraqqiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator masalalar o‘rin oldi. Jumladan, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, aholi bandligini kengaytirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda inflyatsiya darajasini belgilangan ko‘rsatkichdan oshirmaslik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu borada tuman hokimining murojaati tinglanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va kriminogen vaziyatni har kunlik tahlil qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorlari ijrosi yuzasidan tuman prokurori R. Sobirov axborot berdi. Ma’ruza davomida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish va aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Sessiyada, shuningdek, Toshloq tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar osoyishtaligini muhofaza qilish borasida olib borilgan ishlar bo‘yicha hisobot ham eshitildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tumanning 2026-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturi ijrosi, mahalliy budjetning ikkinchi chorak yakunlari, qo‘shimcha moliyaviy manbalar hisobidan mablag‘larni maqsadli taqsimlash hamda jamoatchilik tashabbuslari asosida shakllangan loyihalarni moliyalashtirish masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.
Bundan tashqari, yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonun hujjatlari ijrosini yanada takomillashtirish, tuman Kengashi qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, mas’ul rahbarlarning murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, shuningdek, Xalqparvar komissiyasi va tuman saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar yuzasidan deputatlar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.






