TOSHLOQ TUMANI HOKIMI NAVBATDAGI FUQAROLAR QABULINI O‘TKAZDI
2026-07-28 10:40:00 / Yangiliklar

Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev tomonidan navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Unda tuman aholisi o‘zlarini qiynayotgan turli masalalar, taklif va murojaatlari bilan ishtirok etdi.
Qabul davomida ayniqsa, bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan masalalardan biri — tumanning chekka hududlarida tabiiy gaz ta’minoti mavjud emasligi hamda suyultirilgan gaz ballonlarining aholiga o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Tuman hokimi mazkur masala davlat rahbari tomonidan ham alohida e’tiborga olinganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yaqinda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, ayniqsa, gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi fuqarolarga suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan tumanda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar kuchaytirilishi, mavjud muammolarni bartaraf etish va aholini qiynayotgan masalalarga tezkor yechim topish yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilgani ta’kidlandi.
Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan kommunal xizmatlar, infratuzilma, bandlik, ijtimoiy himoya, yer munosabatlari va boshqa sohalarga oid murojaatlar ham ko‘tarildi. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, qonunchilik doirasida yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli vazifalar yuklatildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.
Ta’kidlanganidek, fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularning muammolariga yechim topish hamda aholi bilan ochiq muloqot qilish mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.





