🌱 PISTA KO‘CHATIDAN DAROMAD TOPAYOTGAN TOSHLOQLIK OTA
2026-07-27 11:45:00 / Yangiliklar

Toshloq tumanida yashovchi Zikirillo ota Rahmonov nafaqaga chiqqanidan so‘ng uyda bekor o‘tirishni istamadi. Yaqinlaridan biri unga tomorqadan samarali foydalanib, pista ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi. Bu maslahat otaga ma'qul keldi va u tavakkal qilib yangi ishni boshladi.
Oradan yillar o‘tib, mehnat o‘z samarasini berdi. Ilk ekilgan pista daraxtlari hozirda hosilga kirgan. Oila a'zolari shu yerda yetishtirilgan pistadan bahramand bo‘lsa, Zikirillo ota esa yillar davomida to‘plagan tajribasi asosida sifatli pista ko‘chatlarini yetishtirib, ichki bozorga yetkazib bermoqda.
E'tiborlisi, uning ko‘chatlariga nafaqat mahalliy xaridorlar, balki qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondan ham talab yuqori. Xaridorlar maxsus kelib, ko‘chatlarni olib ketishmoqda. Bu esa otaga barqaror daromad manbaini yaratgan.
Zikirillo otaning aytishicha, pista ko‘chatchiligi orqali oila farovonligi yanada oshgan. Mehnati evaziga zamonaviy avtomobil xarid qildi, nabiralarining to‘ylarini o‘tkazdi. Uning ta'kidlashicha, bugungi barcha yutuqlarining asosida halol mehnat va pista ko‘chatchiligi turibdi.
Zikirillo ota Rahmonovning mehnat yo‘li, pista ko‘chatchiligi sirlari va erishgan yutuqlari haqida batafsil videolavhamizni tez kunlarda tomosha qiling.





