TOSHLOQ TUMANI TIBBIYOT BIRLASHMASIDA YANGI BOG‘ YARATILDI
2026-04-17 10:00:00 / Yangiliklar

Toshloq tumani tibbiyot birlashmasi hududida yangi bog‘ barpo etildi. Bugun ushbu yashil hududda mas’ullar, tibbiyot xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida daraxt ekish tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida hududni obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash va aholi uchun qulay, sog‘lom muhit yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Ekilgan daraxt ko‘chatlari kelgusida soya-salqinlik manbai bo‘lib, bemorlar va tibbiyot muassasasiga tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay sharoit yaratishi ta’kidlandi.
Mas’ullar o‘z chiqishlarida bunday xayrli tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Shuningdek, har bir ekilgan daraxt kelajak avlod uchun sog‘lom tabiatni saqlab qolishga qo‘shilgan hissa ekani alohida ta’kidlandi.
Ushbu bog‘ni barpo etish tashabbusi tibbiyot birlashmasi hududini yanada ko‘rkamlashtirish, xodimlar va bemorlar uchun musaffo havo va go‘zal muhit yaratishga xizmat qiladi. Kelgusida bu kabi obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish rejalashtirilgan.





