TOSHLOQ TUMANIDA “BESH TASHABBUS PARALIMPIADASI” DOIRASIDA SPORT MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI
2026-04-15 15:05:00 / Yangiliklar

Toshloq tumani Sport maktabida “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida adaptiv sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Mazkur sport tadbirida tumandagi 51 ta mahalladan 200 nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan fuqarolar ishtirok etib, o‘z imkoniyat va mahoratlarini namoyon etdilar.
Musobaqa Toshloq tumani hokimligi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Sport maktabi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi. Belgilangan nizom talablari asosida o‘tkazilgan bellashuvlar ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi.
Ayniqsa, musobaqa davomida tug‘ma iste’dodga ega bo‘lgan ishtirokchilar sport maktabi mutaxassislari tomonidan saralab olinib, ularni kelgusida adaptiv sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun sport ta’lim muassasalariga jalb etish choralari ko‘rildi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi musobaqalar nafaqat ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirish, balki ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.







