TOSHLOQ TUMANIDA MADANIYAT VA SAN’AT XODIMLARI KUNI KENG NISHONLANDI
2026-04-15 14:00:00 / Yangiliklar

Toshloq tumanida Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu bayram tadbirida tuman madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, san’atkorlar, kutubxona xodimlari, madaniyat markazlari mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev so‘zga chiqib, madaniyat va san’at xodimlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. U o‘z nutqida yurtimizda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda madaniyat xodimlarining hissasi katta ekanini qayd etdi.
Shuningdek, hokim tomonidan sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan, o‘zining ijodiy yutuqlari va tashabbuskorligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh fidoyi xodimlarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu e’tiroflar ularning kelgusidagi faoliyati uchun yanada katta rag‘bat va ilhom bag‘ishladi.
Tadbir davomida mahalliy san’atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Qo‘shiqlar, raqslar va sahnaviy chiqishlar bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ishtirokchilarga unutilmas onlarni taqdim etdi.
Ushbu tadbir madaniyat va san’at xodimlariga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi sifatida barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

