“Navro‘zni ulug‘lash, insonni ulug‘lash!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri
2026-03-17 12:50:00 / Yangiliklar

“Bu yil insonlar bahor faslini o‘zgacha sog‘inch va intiqlik bilan kutdilar. Qishning sovuq kunlaridan so‘ng tabiatning uyg‘onishi, havoning ilishishi, atrof-muhitning yashil libosga burkanishi barchada o‘zgacha kayfiyat uyg‘otdi. Shu boisdan ham yurtdoshlarimiz ko‘klam nafasini, ayniqsa, Navro‘z bayramini katta orzu va hayajon bilan qarshi oldilar.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Toshloq tumanida “Navro‘zni ulug‘lash, insonni ulug‘lash!” shiori ostida keng ko‘lamli, tantanali madaniy tadbir tashkil etildi. Bayram tadbiri milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizni o‘zida mujassam etgan holda yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbir avvalida Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev so‘zga chiqib, barcha tuman aholisini hamda mehmonlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida Navro‘zning insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va yangilanish bayrami ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng bayram dasturiga muvofiq, sanʼatkorlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahnaviy chiqishlar namoyish etildi. Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova hamda boshqa isteʼdodli sanʼatkorlar o‘zlarining ijrolari bilan tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat ulashdilar.
Tadbir davomida milliy taomlar ko‘rgazmalari, xalq o‘yinlari va turli xil madaniy chiqishlar tashkil etildi. Bu esa bayramona muhitni yana-da jonlantirib, aholiga unutilmas taassurotlar qoldirdi. Navro‘z bayrami Toshloq tumanida haqiqiy xalq sayliga aylanib, barchaga quvonch va baxt ulashdi.”









