“Toshloq tumanida Yoshlar kuni: Hokim va yoshlar uchrashuvi”
2026-03-12 15:00:00 / Yangiliklar

“Uchrashuv tumandagi “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 12-umumiy o‘rta taʼlim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qildi. Tadbir davomida yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini taʼminlash, sport va madaniyat sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan tuman hokimiga murojaat qildilar. Ayrim yoshlar taʼlim sifati, yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport to‘garaklari va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirdilar.
Tuman hokimi har bir masalaga alohida eʼtibor qaratib, yoshlarning fikr va takliflari tuman rivoji uchun muhim ekanini taʼkidladi. Shuningdek, ko‘tarilgan muammolarni bosqichma-bosqich hal etish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli mutasaddilarga vazifalar berildi.
Uchrashuv yoshlar uchun yana bir bor o‘z fikr va tashabbuslarini erkin bildirish, rahbariyat bilan ochiq muloqot qilish imkoniyatini yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.”






