Sog‘liqni saqlash sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish - bugungi kunning dolzarb vazifasi
2024-02-22 16:00:00 / Yangiliklar

Sog‘liqni saqlash sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish - bugungi kunning dolzarb vazifasi
Dunyodagi globallashuv jarayonlari jamiyatni modernizatsiya qilish bilan birga, aholining ma’naviy va madaniy hayotini yanada yuksaltirishni taqozo etadi. Bunda, inson uchun xos bo‘lgan hamda tarix davomida shakllanib ulgurgan illatlardan voz kechish qiyin jarayon hisoblandi. Jumladan, insoniyat hayotiga va jamiyat taraqqiyotiga muntazam salbiy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan korruptsiya eng og‘ir illatdir. Demak, bu yovuz baloga keng ko‘lamda yechim topish va qat’iyan chek qo‘yish, davlatning korruptsiyaga qarshi siyosatini amalga oshirishda faol fuqarolik pozitsiya¬sini shakllantirish eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6110-sonli Farmoni asosida sog‘liqni saqlash tizimida «Korruptsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”si tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.
Ushbu loyiha asosida quyidagi ishlar amalga oshirilgan:
- tizimdagi korruptsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun “1203” qisqa raqamli “ishonch telefoni” va Call-markaz ishga tushirilgan;
- davlat tibbiyot muassasalarida byudjet mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berishni to‘liq elektron shaklda amalga oshirish mexanizmi joriy etilgan;
- 10 dan ortiq xizmat turlari to‘la elektron shaklga o‘tkazilib, davolash-profilaktika muassasalarining tasdiqlangan pullik xizmatlari miqdori vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi ta’minlangan;
- sohada korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan 26 mingdan ortiq targ‘ibot materiallari tayyorlanib, 3 mingdan ziyod tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinika va shifoxonalarning kirish joylariga joylashtirilgan hamda “Sog‘liqni saqlash xodimlari uchun korruptsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma” tayyorlanib, tizim xodimlariga tarqatilgan.
Lekin ushbu yo‘nalishda sohani yanada takomillashtirishda to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali olingan ma’lumotlar, sog‘liqni saqlash sohasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish darajasi yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Ushbu sohasida korruptsiyaning bir nechta turlari mavjud:
-sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘larini yoki bemorlar to‘lovlari orqali olingan daromadlarni o‘zlashtirish;
-Davlat xaridlari sohasida hususiy korxonalar bilan til biriktirib, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish, mafaatlar tuqnashuvini sodir qilish;
-to‘lov tizimida tanish-bilishlar uchun bepul yordam ko‘rsatish, ayrim toifadagi bemorlarning imtiyozlaridan foydalanish;
-dori vositalarini yetkazib berish va tarqatishda talon-taroj qilish;
-kontrafakt yoki sifatsiz dori vositalarini sotishga ruxsat berish.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari orasida “pora”ning keng tarqalgan quyidagi turlari mavjud:
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini olganlik uchun, transport vositalarini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risida, harbiy xizmatga yaroqsizligi to‘g‘risida, jismoniy tarbiyadan ozod etilganligi to‘g‘risida, sport turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilganligi to‘g‘risida, muayyan ishlarni bajarishga ruxsat berilganligi to‘g‘risida, bemorga operatsiya sifati uchun (ya’ni “hamma kabi” emas, balki individual yondashuv bilan), o‘limning haqiqiy sababini buzib ko‘rsatganlik uchun (bunday holatlar jinoyat sodir etish bilan bevosita bog‘liq), bemorning kasalxonada qolish muddatini uzaytirish uchun, yoki aksincha bemorni kasalxonadan erta chiqarish uchun va hokazo ko‘rsatiladigan “yordamlar” hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi korruptsiyaga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1. Iqtisodiy (aholining mulkchilik asosida keskin tabaqalanishi, iqtisodiy beqarorlik, soha vakillarining oylik maoshlarining kamligi va boshqalar);
2. Ijtimoiy (ehtiyojlarning o‘sishi va ularni qondirish imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovut, tibbiyot xodimlarining turli toifalari uchun mehnat sharoitlarining tengsizligi, aholining sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan noroziligi va boshqalar).
3. Tashkiliy (nazorat-taftish tadbirlaridagi kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining rasmiy faoliyati yetarli darajada tartibga solinmaganligi, rahbar lavozimlarga tayinlashda nepotizm va favoritizmning mavjudligi).
4. Huquqiy (rasmiy hujjatlar matnlarida mansabdor shaxslarga o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishga imkon beruvchi korruptsiyaga moyil bo‘lgan qoidalarning mavjudligi, shuningdek fuqarolarning tibbiy yordam ko‘rsatish huquqlarining yetarli darajada huquqiy himoyasi va kafolatlari).
5. Axloqiy va ma’naviy me’yorlar (“shifokor - bemor” munosabatlari, ko‘p holatdarda bemor shifokorni poraxo‘rlikka undashi mumkin, yoki aksincha, shifokor bemorni undashi mumkin).
Sobiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamkasblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari va korruptsiya haqida so‘z yuritib, agar shifokor bemorni mehr bilan davolasa, so‘ramasangiz ham u sizga rozi bo‘lib barakasini berib ketadi degan mazmundagi gapi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, jiddiy e’tirozlar va tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi: “Jamoatchilik kengashi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha boshlagan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, sharafli kasb egalari - shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning e’tirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etadi. Mazkur taklif tizimda korruptsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi” deb o‘zining munosabatini bildirgan edi.
Toshkent shahar hokimligi Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan internet tarmog‘i orqali o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan 206 nafar respondentdan 120 nafari (58,3%), sog‘liqni saqlash sohasining mansabdor shaxslari o‘z vazifalarini vijdonsizlarcha bajarishga guvoh bo‘lishganini etirof etdi.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish respublika Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda ham so‘rov ishtirokchilarining 43,2% bu tizimda korruptsiya darajasi yuqori ekanligi qayd etilgan.
Tadqiqotlar natijalaridan ko‘rinib turibdiki, bu «kasallik» ko‘p vaqtlardan buyon davom etib kelayotgan va qon-qonimizga singib ketgan illat ekanligidan dalolat bermoqda.
Holbuki, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi” 1996 yildagi №265-I sonli qonunning 44-moddasiga ko‘ra, diplomini olayotgan shifokor quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
«Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman:
o‘zimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sog‘lig‘ini saqlashga bag‘ishlashga;
yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bemorga kuch-g‘ayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam ko‘rsatishga;
bemorning sog‘lig‘ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo‘yishga, kamtar va halol bo‘lishga, o‘z bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga;
shifokor sirini saqlashga;
kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlariga ishonch hadya etishga;
Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulug‘ tabiblarning shonli an’analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman.
Ushbu qasamyodga umrimning oxirigacha sodiq qolishga qasamyod qilaman”.
Shuningdek ular qasamyodni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortililishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuning uchun har bir shifokor o‘z kasbiga vijdonan, halollik bilan yondoshishi, korruptsiyaviy jarayonlarga faol qarshilik ko‘rsatishi va murosasiz munosabatda bo‘lishi zarur. O‘z navbatida, bu illatni bartaraf etish uchun fuqarolarimizni ham «halollik vaktsinasi» bilan emlash, ya’ni ularning ongiga halollik g‘oyalarini singdirishimiz darkor.
Korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan olib borilgan tadqiqotlarda ma’lum bo‘lishicha ayrim davlatlarda maktablar va shifoxonalarga “halollik” yoki “hayriya” qo‘ttilari o‘rnatilar ekan. Biz ham shu tajribadan kelib chiqib, yurtimizdagi tibbiyot muassasalariga xuddi shunday qutilar o‘rnatish hamda shifokorlarga minnatdorlik sifatida pul bermoqchi bo‘lgan ayrim fuqarolarga o‘sha mablag‘larini shu qutilar ichiga tashlashini o‘rgatish mexanizmi yaratilsa maqsadga muvoffiq bo‘lar edi. To‘plangan mab¬lag‘lar esa, keng jamoatchilik nazorati ostida shifoxonalar faoliyatini rivojlantirish, sohada yaxshi ishlagan xodimlarini rag‘batlantirish uchun ishlatilsa, korruptsiya va poraxo‘rlikni yo‘qotishga xizmat qiladi.
“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 65 maqsadida, sog‘liqni saqlash sohasida korruptsiya holatlarining oldini olish uchun malakali shifokorlarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1000 AQSh dollari ekvivalentiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek shifokor va hamshiralarning oylik maoshlarini ish hajmiga qarib belgilash, tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘sh o‘rinlarga doir ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarda ochiq e’lon qilish tartibini yo‘lga qo‘yish zarur.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan takliflar sog‘liqni saqlash sohasida korruptsiyaviy xavf-hatarlarning oldini olishga hizmat qiladi.
Ushbu sohasidagi korruptsiya fuqarolarning tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, chunki odamlar ongida tibbiyot xodimi ularga yordam berishga tayyor, hayot va sog‘lig‘ini saqlab qoluvchi, oxirgi umidni beradigan shaxsdir.
Shifokorlar orasida g‘oya uchun ishlaydigan, shifokor qasamiyodiga sodiq bo‘lgan vijdonli soha vakillari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Koronavirus pandemiyasi davrida minglab shifokorlarimiz o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, ushbu xavf-xatarga qarshi tibbiyot muassasalarida kurash olib borishdi. Albatta bunday jasoratli, matonatli shifokorlarimizni hech qachon unutmasligimiz kerak.
Turdikulov Shuxrat Xudoykulovich,
Toshkent shahar hokimligi Korruptsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i,
sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
