Bugun Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining yig’ilishi bo’lib o’tdi.
2023-12-28 18:00:00 / Yangiliklar
Yig’ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish shahar hududiy Kengashi a’zolari, poytaxtimizning tegishli tashkilot va idoralari rahbarlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Shuningdek, videokonferents aloqa yordamida poytaxtimizning barcha tumanlari mutasaddilarining ishtiroki ta'minlandi.
Tadbirni Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzakov ochib berdi va korrupsiya turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgani, faqatgina bu yovuz baloning oldini olish orqali, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish imkoni paydo bo‘lishi, umuman, jamiyatning barcha tarmoqlari rivojlanishi mumkinligini ta’kidladi.
So‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining direktori Akmal Burxonov tomonidan Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab olish masalasi ko'tarildi.
Bundan so‘ng, Toshkent shahar prokuraturasi, Markaziy bank Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi boshqarmasi mutasaddi rahbarlarining o’z tizimlarida korrupsiya holatlarining oldini olish hamda unga qarshi kurashish yuzasidan ko’rgan choralari bo’yicha axborotlari tinglandi.
Korrupsiyaga oid jinoyatchilikning holati va uni bartaraf etish bo’yicha ko’rilayoitgan choralar, Toshkent shahrida bank sohasida korrupsiya holatlarini oldini olish masalalari, poytaxtdagi qurilish sohasida korrupsiya holatlarini oldini olish bo’yicha ko’rilayotgan choralar tanqidiy muhokama qilinib, mas’ullarga ularni jadallashtirish, inson omilini istisno qiladigan yechimlarni izlash vazifasi yuklatildi.
Muhokamalar davomida aniqlangan korrupsiya holatlariga alohida e’tibor qaratilib, ularning sabab va oqibatlari tahlil qilindi. Bu illatga qarshi kurashish yo’nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish bo’yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.







