Shavkat Umurzakov Germaniya delegatsiyasi bilan uchrashdi
2024-10-09 17:00:00 / Yangiliklar
Shavkat Umurzakov Germaniya delegatsiyasi bilan uchrashdi
Joriy yilning 9-oktyabr kuni Toshkent shahar hokimligida Berlin federal o‘lkasi Adliya va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha senatori Felor Badenberg bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda poytaxt hokimi Sh. Umurzakov, Toshkent shahar prokurori E.Yuldashev, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i A. Tashpulatov, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i M. Muxitdinov va boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.
Sh. Umurzakov ushbu uchrashuvni Germaniya Bosh kansleri Olaf Sholsning yaqinda O‘zbekistonga bo‘lib o‘tgan tashrifining mantiqiy davomi deb, o‘zaro ko‘p taraflama hamkorlikning rivojini ta’kidladi. So‘nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlari yo‘lga qo‘ygan samarali muloqot ikki tomon hamkorligini rivojlantirishga turtki bo‘lganini aytib o‘tdi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi o‘sib borayotgani, mamlakatlarimiz ishbilarmonlari o‘rtasida o‘zaro “ko‘prik” yaratish maqsadida, “O‘zbekiston-Germaniya Ishbilarmonlar kengashi” faoliyati jadal yo‘lga qo‘yilgani, yurtimizda Germaniya “dual ta’lim” tizimini yo‘lga qo‘yish va davlat boshqaruvi kadrlarini qayta tayyorlash sohalarida ham faol hamkorlik davom etayotgani quvonarli ekanligini aytdi hamda Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan va ko‘zda tutilgan muhim loyihalar, xususan, “aqlli shahar” konsepsiyasi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Senator Felor Badenberg samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, Toshkent shahrining rivojlanishi, ko‘rkamligi hayratlanarli darajada ekanligini aytdi. O‘zbekistonning iqtisodiyot, siyosat, sanoat, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi yuksak salohiyatini e’tirof etib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv yakunida har ikki taraf ushbu uchrashuvni rasmiy tadbir emas, balki do‘stona munosabatlar va muloqotni rivojlantirishdagi yangi bosqich deb atadi.