TO‘RTKO‘L TUMANI HOKIMI I. XUDAYBERGENOVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN TABRIGI
2026-10-01 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

TO‘RTKO‘L TUMANI HOKIMI I. XUDAYBERGENOVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN TABRIGI
Assalomu alaykum, hurmatli ustoz va murabbiylar, qadrli faxriylar!
Siz, hayotini yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdek sharafli ishga bag‘ishlagan fidoyi ustoz va murabbiylarni 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugun Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada To‘rtko‘l tumanida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 6 ta maktabga qo‘shimcha bino qurildi, 3 ta maktab va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilindi. Yangi ta’lim muassasalarining foydalanishga topshirilishi yoshlarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Ta’lim sohasidagi yutuqlarimiz zamirida, avvalo, siz aziz ustozlarning fidokorona mehnati mujassam. 22-sonli maktab o‘qituvchisi Sharipboeva Muborak Davronovnaning “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangani, 18-sonli maktab “Milliy gvardiya sinfi” o‘quvchilarining harbiy-sport musobaqalarida respublika bosqichiga qadar 1-o‘rinni egallagani barchamizga faxr bag‘ishlaydi.
Ayni paytda tumanimizda kasbiy va oliy ta’lim muassasalari faoliyati kengayib, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga yo‘naltirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Sizlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xotirjamlik va sharafli mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!
