Kumush tola xirmoni
2026-05-18 16:00:00 / Yangiliklar

“Yangihayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi aholi azaldan dehqonchilik va pillachilik hadisini olgan. Bu yerda ko‘p yillardan buyon ushbu sohada maktab yaratgan, o‘z ishining ustasiga aylangan pillakorlar talaygina.
Ana shunday ilg‘orlardan biri — "Ibratli oila" ko‘krak nishoni sohibasi, pillakor Oyxon opa Sultonovadir. Pilla boqish sir-asrorlarini qaynonasidan o‘rgangan onaxon hozirgi kunda nafaqat o‘z kelinlariga,balki pillachilik sohasiga endi kirib kelgan yoshlarga ham ustozlik qilmoqda.
Pilla qurti xuddi yosh boladay bo‘ladi, deganlari to‘g‘ri gap. Chunki, birgina nuqta bo‘lib turgan urug‘dan katta pilla xirmonini yaratish jarayoni pillakordan katta kuch va mahorat talab qiladi.
O‘z o‘rnida pillachilik tarmog‘i mahalla aholisi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Oyxon opaning oilasi ham bu mavsumda yaxshigina daromad olishni rejalashtirgan.
Tuman hokimi o‘rinbosari I.Jumabaeva pillakorlarning xirmonlariga baraka tilab, o‘zining iliq fikrlarini bildirdi.
"Hashar — elga yarashar", deganlaridek, bugungi xirmon terish marosimida yosh-u qari, qo‘ni-qo‘shnilar Oyxon opaning xonadoniga yig‘ilgan. Mashaqqatli, ammo sharafli mehnat qilayotgan To‘rtko‘l pillakorlarining sa’y-harakatlari yuqori hosildorlikka zamin yaratmoqda.







